O‘zbekiston Prezidentining 20 apreldagi qarori bilan 2017—2018 yillarda ichki ishlar organlari tayanch punktlarining profilaktika inspektorlarini bevosita ular xizmatni o‘taydigan hududda joylashadigan xizmat uy-joyi bilan ta’minlash dasturi (PDF) tasdiqlandi.

Yaqin ikki yilda profilaktika inspektorlari respublikaning barcha hududlarida 1327 ta xizmat kvartirasi va 3829 ta xizmat uy-joyi bilan ta’minlanadi.

Mahalliy hokimliklarga profilaktika inspektorlariga berish uchun ularning tasarrufida bo‘ladigan, ikkilamchi bozorda davlat daromadiga yo‘naltirilgan uy-joyni sotib olish, shuningdek ikkilamchi bozorda qabul qilib olinadigan kvartiralar egalariga yer uchastkalari berish yo‘li bilan uy-joy fondini shakllantirish vazifasi yuklatildi.

Xizmat uy-joylarini 0,02 ga hajmdagi yer uchastkalarida joylashtiriladigan, hovli inshootlariga ega bo‘lgan bir qavatli, ikki va uch xonali namunaviy loyiha asosida qurish rejalashtirilgan.

«Qishloq qurilish invest» kompaniyasi buyurtmachi, «Qishloq qurilish loyiha» — bosh loyiha tashkiloti etib belgilandi.

Inspektorlar mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan xizmat kvartiralari bilan ta’minlanadi. Xizmat uy-joylari qurishi uchun davlat byudjeti hisobidan mablag‘ ajratiladi.