Toshkentdagi avtomobil garajlari o‘rnida ikki, uch va olti qavatli avtoturargohlar qurish rejalashtirilmoqda, deb xabar qildi poytaxt arxitektori Sa’dulla Muxtorxo‘jayev shanba kuni bo‘lib o‘tgan brifingda. Shahar hokimining bu haqdagi qarori loyihasi muhokama uchun internetga joylashtirildi.

Toshkent arxitektori Sa’dulla Muxtorxo‘jayev.

Keng ko‘lamli «Zamonaviy mahalla» dasturining bir qismi hisoblangan loyiha 2020 yil so‘ngiga qadar bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Avtoturargohlar tadbirkorlarning shaxsiy mablag‘lari va bank kreditlari hisobidan bunyod etiladi.

Ko‘p qavatli avtoturargohlar qurishga imkon bo‘lmagan joylarda ochiq avtoturargohlar quriladi. Ko‘p qavatlilardan farqli ravishda, ularning bepul bo‘lishi taklif etilmoqda.

Arxitektorning ta’kidlashicha, bugungi kunda shahardagi barcha metall garajlar maydoni 25,63 ga bo‘lib, 8470 mashina sig‘imiga teng. 27,4 ming avtomobilni sig‘diruvchi yana 69,16 ga maydon garaj xo‘jaliklariga tegishli. Aksariyat hollarda garajlar joylashgan hududlar tashlandiq ko‘rinishga ega bo‘lib, yong‘in va jamoatchilik xavfsizligi talablariga javob bermadi, ular atrofida muntazam ravishda chiqindilar to‘planadi. Juda ko‘p hollarda garajlar tartibsiz o‘rnatilgan, ko‘pchiligi esa maqsadli foydalanilmaydi, ayrimlarida esa odamlar istiqomat qiladi.

80 avtomobilga mo‘ljallangan ikki qavatli avtoturargoh.

Toshkent shahar IIB ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yil 1 mart holatiga ko‘ra poytaxtda 420,1 ming avtomototransport vositasi hisobga olingan (2015 yil boshida 353,9 ming yoki qariyb 20 foiz kam). Shaxsiy avtomobillar turar jo mavzelarining katta qismini egallab, bolalar o‘yingohlari va aholi dam olishi uchun joy tobora qisqarib bormoqda.

144 avtomobilga mo‘ljallangan uch qavatli avtoturargoh.

Olti qavatli avtoturargoh 480 avtomobilga mo‘ljallangan.

Toshkent arxitektura va qurilish bosh boshqarmasi turar joy mavzelari uchun bir qancha avtoturargoh loyihalarini tayyorlagan. Ularga ko‘ra ikki qavatlilarida 80, uch qavatlilarida 144 hamda olti qavatlilarida 480 va 532 avtomobil joylashadi. Mavjud ochiq avtoturargohlar o‘rnida ham ko‘p qavatlilari bunyod etiladi. Ularning birinchi qavatida savdo va servis ob’ektlari paydo bo‘lishi mumkin.

Sa’dulla Muxtorxo‘jayevning qo‘shimcha qilishicha, zamonaviy turar joy va noturar binolar loyihalarida avtomobillar saqlash uchun ular hududida yer osti turargohlar qurish ko‘zda tutilgan.

532 avtomobilga mo‘ljallangan olti qavatli turargoh.

Shahar hukumati to‘y marosimlari o‘tkaziladigan joylar va yirik savdo markazlari (Toshkentda 142 ta to‘yxona va 57 ta super va gipermarket mavjud), bozorlar yaqinida ham avtoturargohlar qurish masalasini ko‘rib chiqmoqda.