O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi etib qayta tashkil qilinadi. Bu Prezident Shavkat Mirziyoyevning «Tashqi savdo sohasida boshqaruv tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonida ko‘zda tutilgan.

Farmon «tashqi savdo aloqalarining samaradorligini yanada oshirish, tashqi savdoni liberallashtirish, eksport salohiyatini mustahkamlash hamda raqobatdosh mahalliy mahsulotlarni tashqi bozorlarga chiqarish tizimini takomillashtirish, mahsulot ishlab chiqaruvchi korxonalar bilan xorijiy sheriklar o‘rtasida savdo sohasida uzoq muddatli barqaror sheriklik munosabatlarini shakllantirish maqsadida» qabul qilindi.

Eslatib o‘tamiz, Prezidentning 31 martdagi farmoni bilan yagona davlat investitsion siyosatini shakllantirish va amalga oshirish va xorijiy investitsiyalarni jalb etishni muvofiqlashtirish uchun mas’ul vakolatli davlat organi hisoblangan Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi tashkil etilgan edi.