2018-yildan Toshkentdagi chiqindilarni yig‘ish punktlarini qattiq maishiy chiqindilarni alohida yig‘ish uchun farqlanuvchi rang, yozuv va belgilari bo‘lgan maxsus konteynerlar bilan ta’minlashga kirishish rejalashtirilgan. Bu haqda poytaxt hokimiyatida chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan brifingda shahar hokimiyati Hududiy kommunal-ekspluatatsiya birlashmasi (HKEB) Iqtisodiyot va investitsiya departamenti boshlig‘i o‘rinbosari Oybek Bekmirzayev ma’lum qildi.

Ayni paytda “Maxsustrans” korxonasi Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida qattiq maishiy chiqindilarni boshqarish bo‘yicha investitsion loyiha ustidagi ishlarni yakunlamoqda. Unda mavjud 350 ta punktni rekonstruksiya qilish, 13,5 ming dona chiqindi konteynerlarini sotib olish, qayta yuklash stansiyalarining ikkitasini rekonstruksiya qilib, bittasini yopish, Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida 30 ga maydonda xalqaro standartlar bo‘yicha yangi sanitar poligonni qurish va jihozlash, shuningdek, sanitar poligon va qayta yuklash stansiyalari uchun maxsus mashinalar va mexanizmlarni xarid qilish ko‘zda tutilgan.

Oybek Bekmirzayevning “Gazeta.uz”ga oydinlik kiritishicha, “Maxsustrans” loyihasi yakuniga yetganidan so‘ng chiqindilarni kelgusida utilizatsiya qilish va qayta ishlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishga kirishadi.