Toshkent tibbiyot akademiyasi 2-klinikasining angionevrologiya bo‘limi negizida Respublika xirurgik angionevrologiya ixtisoslashtirilgan markazi tashkil etiladi. Bosh vazir Abdulla Aripov 14 mart kuni Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorini imzoladi.

Tibbiyot muassasasi angionevrologiya sohasida muvofiqlashtiruvchi markaz bo‘ladi. Bu yerda miya qon-tomir yetishmovchiligi kasalliklarini davolashning zamonaviy usullarini joriy etish yo‘li bilan uyqu va yurakning qon tomirlari arteriyalari shikastlanishiga chalingan bemorlar davolanadi.

Markaz malakali angionevrolog mutaxassislarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish ishlarini muvofiqlashtirish, hududiy tibbiyot muassasalarida mahorat darslari hamda ko‘rgazmali operatsiyalar, ta’lim beruvchi ma’ruzalar va seminarlar tashkil etish bilan ham shug‘ullanadi. Tibbiyot muassasi surunkali miya qon-tomir yetishmovchiligi kasalligiga chalinish bilan bog‘liq holatlarni doimiy ravishda tahlil qilgan holda O‘zbekistonda insult kasalligi milliy registrini ishlab chiqadi.