Toshkentda «Poytaxt bank» aksionerlik tijorat turar joy-qurilish jamg‘arma banki tashkil etilmoqda, deb xabar qildi O‘zbekiston Markaziy banki matbuot xizmati. Uning ochilishi Prezidentning 13 martdagi «Toshkentda 2017−2021 yillarda arzon ko‘p kvartirali uylarni qurish miqyosini kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorida o‘z aksini topgan.

Beruniy ko‘chasi 43-uyda joylashuvchi «Poytaxt bank"ning asosiy vazifalari va yo‘nalishlari quyidagilar etib belgilandi:

  • aholi va yuridik shaxslarning turar-joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirishda ipoteka kreditlarini ajratish va bank xizmatlarini ko‘rsatish;
  • arzon ko‘p kvartirali uylarni quruvchi pudratchi tashkilotlarga kredit resurslarini ajratish;
  • arzon ko‘p kvartirali uylarni loyihalash va qurishda buyurtmachi vazifalarini bajarish;
  • Toshkentda ko‘p qavatli uylarni qurish va ta’mirlash bilan shug‘ullanuvchi ixtisoslashgan pudratchi tashkilotlarga kreditlar ajratish va lizing xizmatlarini ko‘rsatish;
  • arzon ko‘p kvartirali uylar qurilishini moliyalashda xorijiy investitsiyalar, jumladan kreditlarni jalb etish, xalqaro moliya institutlari bilan texnik hamkorlik olib borish;
  • muhandislik infratuzilmalari sifatini yaxshilashni ko‘zda tutuvchi loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishni moliyalashni o‘z ichiga olgan investitsion faoliyatni olib borish;
  • zamonaviy, foydali, energiya tejovchi va xaridorgir qurilish materiallari va uskunalarini ishlab chiqaruvchi tashkilotlarga kreditlar ajratish;
  • universal tijorat banki sifatida yuridik va jismoniy shaxslarga boshqa bank xizmatlarini ko‘rsatish.

«Poytaxt bank» ustav kapitali boshlang‘ich ulush sifatida poytaxtning mahalliy byudjeti hisobidan 3 mlrd so‘mni yo‘naltirish, shuningdek, yuridik va jismoniy shaxslar, jumladan xorijiy investorlarni jalb etishni hisobga olgan holda 10 mln yevrodan kam bo‘lmagan ekvivalentda shakllantiriladi.