13 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida Eron Islom Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Ibrohim Rahimpur boshchiligidagi delegatsiya ishtirokida O‘zbekiston-Eron vazirliklararo siyosiy maslahatlashuvlarining beshinchi raundi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston TIV matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, uchrashuv davomida turli shakllardagi ikki tomonlama hamkorlikning hozirgi holati va istiqboli muhokama qilindi hamda ayrim xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Davlatlararo munosabatlarni rivojlantirishda, shuningdek, BMT, SHHT, Islom hamkorlik tashkiloti doirasidagi aloqalarda kuzatilayotgan ijobiy jarayonlarga e’tibor qaratildi.

Savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsion aloqalarni chuqurlashtirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekanligi qayd etildi.

Shu nuqtai nazardan O‘zbekiston-Turkmaniston-Eron-O‘mon mintaqalararo transport koridorini ishga tushirish alohida ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

Muzokaralar chog‘ida vazirliklararo siyosiy maslahatlashuvlarni doimiy asosda o‘tkazish ikki tomonlama munosabatlar kun tartibidagi dolzarb masalalarni tizimli ko‘rib chiqish, hamkorlikning O‘zbekiston va Eron manfaatlariga mos keluvchi yo‘nalishlarini birgalikda ishlab chiqish imkonini berishi e’tirof etildi.