Toshkentdagi Xalqaro Vestminster Universiteti o‘qituvchisi Rauf Salaxodjayevga Prezident nomidan poytaxt markazida joylashgan uy sovg‘a qilindi. Bu haqda «O‘zbekiston» telekanalining «Tahlilnoma» dasturida xabar qilindi.

«Gazeta.uz» avvalroq Rauf Salaxodjayev RePeC (Research Papers in Economics — «Iqtisod fani bo‘yicha Ilmiy maqolalar») tashkiloti tomonidan tuzilgan dunyoning eng yaxshi 100 nafar yosh iqtisodchisi ro‘yxatiga kiritilgani haqida xabar qilgan edi. O‘zbekiston vakili ilk bor ushbu ro‘yxatga kiritilib, 32-pog‘onadan joy oldi. U birinchi elliktalikdan o‘rin egallagan yagona MDH vakili hisoblanadi. Top-50 ga Rauf Salaxodjayevdan tashqari Osiyoning yana ikki vakiligina — Hindiston va Yaponiya iqtisodchilari kiritilgan.

«Men uchun bu eng avvalo O‘zbekistonda mamlakat va uning rahbariyati qadrlaydigan hamda g‘amxo‘rlik ko‘rsatadigan olimlar borligini butun dunyoda bilishlari uchun yanada ko‘proq ishlash, barcha kuchimni kelgusidagi ilmiy muvaffaqiyat va g‘alabalarga bag‘ishlashimga rag‘bat va ishtiyoqdir», — dedi Rauf Salaxodjayev telekanalga bergan intervyusida.