15-martdan Toshkentda chorrahalardagi kameralar tomonidan qayd etilgan yo‘l harakati qoidalarining buzilgani uchun jarimalarni jo‘natish sinov tartibida boshlanadi. Bu haqda O‘zbekiston IIV YHXBB boshlig‘i Xolmatjon Saydaliyev ma’lum qildi.

Toshkent shahridagi 400 dan ziyod chorrahalarining 15 tasiga video kuzatuv moslamalari o‘rnatilgan edi. Yangi tizim onlayn tizimida ish boshlagan bo‘lib, ushbu texnik moslamalar to‘liq ishga tushib, jarima qilish mexanizmi joriy etilgan. Shu yilning 15 mart kunidan e’tiboran ushbu videokameralar tomonidan qayd etilgan qoidabuzarliklar uchun haydovchilarni jarimaga tortish mexanizmi sinov tariqasida ishga tushiriladi.

“15-mart kunidan boshlab qoidabuzarliklar uchun jarima solish to‘g‘risidagi qaror transport vositasining mulkdoriga jo‘natilaveradi. Aynan mana shu ish jarayonida tizimdagi texnikalarning ishlashini nazorat qilib olamiz. Yuzaga keladigan muammolar va kamchiliklarni bartaraf etish choralarini ko‘ramiz. Shu sababli ham sinov tariqasida, deb aytilayapti”, — dedi Xolmatjon Saydaliyev.

“Nazorat qilinadigan har bir ob’ekt, ya’ni chorraha harakatni nazorat qiluvchi, qoidabuzarliklarni avtomatik tarzda aniqlovchi zamonaviy texnik vositalar, intellektual detektorlar, kontrollerlar, videokameralar bilan jihozlandi, — deya so‘zini davom ettirdi IIV vakili. — Chorrahalardan olingan barcha ma’lumotlar Markaziy dispetcherlik xizmatiga uzatiladi va bu erdagi elektron tablo hamda videomonitorlarga chiqariladi. Tizimga kiritilgan chorrahalardagi svetoforlar ham detektorlardan harakat oqimi to‘g‘risida olingan ma’lumotlarni qayta ishlash orqali avtomatik tarzda boshqariladi”.

Uning qo‘shimcha qilishicha, chorrahalardagi vaziyatni masofadan uzluksiz kuzatib borish uchun videokameralar hamda fuqarolar uchun maxsus xizmatlarni, jumladan ichki ishlar, tez tibbiy yordam, yong‘in xavfsizligi xizmatlarini chaqirish uchun maxsus vositalar o‘rnatildi.

2015-yil 10-avgust kuni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeks 2 ta yangi modda bilan to‘ldirilib, 13 ta moddaga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilgan edi. Ya’ni, Kodeks 171-modda bilan to‘ldirildi. Ushbu modda maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun shaxslarning ma’muriy javobgarligi haqida. Demak, unga ko‘ra, maxsus texnika vositalari orqali yo‘l harakati qoidalari buzilganlik holati qayd etilganda, ma’muriy javobgarlikka transport vositasining mulkdori tortilishi belgilangan. Shuningdek, yuridik shaxsga tegishli transport vositasidan foydalanib sodir etilgan yo‘l harakati qoidalari buzilganligi maxsus texnika vositalari orqali qayd etilgan taqdirda, ma’muriy javobgarlikka yuridik shaxsning transport vositasidan foydalanish uchun mas’ul bo‘lgan shaxsi tortilishi belgilab berildi.

Ikkinchi yangilik, bu — kodeksga kiritilgan 3091 modda. Bu modda foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan yo‘l harakati qoidabuzarliklariga nisbatan jarima solish tartibini belgilaydi. Moddaga ko‘ra, maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan yo‘l harakati qoidabuzarligi bo‘yicha jarima solish to‘g‘risidagi qaror ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxsning ishtirokisiz chiqariladi. Jarima solish to‘g‘risidagi qarorning ko‘chirma nusxasi foto va video qayd etish texnika vositalardan olingan materiallarni ilova qilgan holda qaror chiqarilgan kundan e’tiboran uch kun ichida buyurtma pochta jo‘natmasi orqali huquqbuzarga yuboriladi.

“Agar ma’muriy javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi qaror ustidan berilgan shikoyatni ko‘rib chiqish jarayonida tegishli transport vositasiga huquqbuzarlik qayd etilgan paytda egalik qilgan shaxs aniqlansa yoxud mazkur transport vositasi boshqa shaxslarning g‘ayrihuquqiy xatti-harakatlari natijasida transport vositasi mulkdorining egaligidan chiqib ketganligi aniqlansa, transport vositasining mulkdori o‘ziga tegishli transport vositasidan foydalanib sodir etilgan yo‘l harakati qoidabuzarligi uchun ma’muriy javobgarlikdan ozod etiladi. Bu qoidabuzarliklarning oldini olishda juda ham muhim. Sababi endilikda mulkdor ham haydovchini qoidabuzarlik qilmaslikka chaqirib, qoidalarga amal qilish zarurligini eslatib turadi. Ayniqsa, bir-necha transport vositalarini ijara shartnomasi asosida yoki ishonch qog‘ozi bilan boshqarishga bergan mulkdorlarning mas’uliyati oshadi. Ularning o‘zlari ham qoidabuzarliklarga qarshi kurash boshlashadi. Haydovchilarini doimiy nazorat qilishadi. Shuning o‘zi ham qoidabuzarliklar sonining sezilarli darajada kamayishiga sabab bo‘ladi. Harakatlanish xavfsizligini ta’minlash samaradorligi ortadi. O‘z-o‘zidan yo‘l-transport hodisalarining soni ham kamayib boradi”.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan o‘zgartirishlar nimalarni o‘z ichiga oladi, degan savolga Xolmatjon Saydaliyev quyidagicha javob qaytardi: “Kodeksning 127-moddasi ikkinchi qismining dispozitsiyasiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, davlat raqam belgilarini ko‘rish imkoniyatini cheklaydigan, ularni anglashga to‘sqinlik qiladigan turli ashyolar o‘rnatish va qoplama surtish ham ma’muriy javobgarlikka tortishga asos bo‘lishi belgilab qo‘yildi. Shuni ham aytish lozimki, shunday holatlar aniqlanganida Kodeksning 291 moddasiga asosan transport vositasi vaqtinchalik jarima maydoniga qo‘yiladi. Ishni ko‘rib chiqish jarayonida bunday qurilmalar musodara qilinib, fuqarolarga eng kam ish haqining bir baravaridan uch baravarigacha miqdorida, mansabdor shaxslarga esa uch baravaridan besh baravarigacha miqdorida jarima solinadi”.

“Kodeksning 276-moddasiga kiritilgan o‘zgartirishga muvofiq, avtomatlashtirilgan tizim orqali olingan ma’lumotlar ma’muriy ish bo‘yicha dalil sifatida qabul qilinishi belgilab qo‘yildi. Shuningdek, hujjatlar elektron shaklda rasmiylashtirilishi sababli maxsus qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan huquqbuzarlik uchun ma’muriy bayonnoma tuzilmasligi haqida ham Kodeksning 283-moddasi to‘rtinchi qism bilan to‘ldirildi”.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 36-moddasiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, ma’muriy jazo qo‘llash muddatlari ikki oydan bir yilga uzaytirildi. Bundan tashqari, Kodeksning 332-moddasi ikkinchi qism bilan to‘ldirilib, maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun solingan jarimani huquqbuzar jarima solish to‘g‘risidagi qaror chiqarilgan kundan boshlab 60 kundan kechiktirmay, bunday qaror xususida shikoyat berilgan yoki protest bildirilgan taqdirda esa, shikoyat yoki protest qanoatlantirilmaganligi to‘g‘risida xabar berilgan kundan e’tiboran o‘ttiz kundan kechiktirmay to‘lashi lozimligi haqidagi norma belgilab berildi.

Qoidabuzar ko‘rsatilgan ushbu muddatlarda ham jarimani to‘lamaslik holatlari nazarda tutilgan holda Kodeksning 291-moddasining ikkinchi qismi to‘ldirildi. Unga ko‘ra, jarima solish to‘g‘risida qaror chiqargan vakolatli organ rahbari jarima solish haqidagi qaror chiqarilgan kundan e’tiboran oltmish kun o‘tgach, jarima solish to‘g‘risidagi qarorning ijrosi yuzasidan ish yuritish tugaguniga qadar transport vositasini vaqtinchalik jarima maydonida ushlab turish to‘g‘risida yozma ko‘rsatma berishi haqidagi qoida belgilab berildi.

Kodeksning 321-moddasi to‘ldirilgan uchinchi qismiga muvofiq esa maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan yo‘l harakati qoidalari buzilganligi bo‘yicha ish yangidan ko‘rib chiqish uchun yuborilib, qaror bekor qilingan taqdirda, mazkur ish ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etgan shaxsga nisbatan u ilgari sodir etgan huquqbuzarliklarning takroriyligini inobatga olgan holda umumiy asoslarda ko‘rib chiqilishi lozimligi mustaxkamlab qo‘yildi.

Yana bir holat, muqaddam jarimalar qoidabuzarliklarning takroriyligiga qarab belgilanar edi. Yangi tartibda esa qoidabuzarlikning takroriyligi inobatga olinmaydi.

Agarda chiqarilgan qaror yuzasidan shikoyatni ko‘rib chiqish jarayonida ushbu huquqbuzarlik boshqa shaxs tomonidan sodir etilganligi aniqlanganda, qaror bekor qilinadi va transport vositasini boshqarib, qoidabuzarlikni sodir etgan shaxsga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtiriladi. Bunda qoidabuzarlikning takroriyligi inobatga olinadi. Qisqa qilib aytganda jarima solish to‘g‘risidagi qarorga e’tiroz bildirilmasa qoidabuzarlikning takroriyligi inobatga olinmaydi, mazkur ishni qayta ko‘rib chiqish paytida boshqa shaxsga ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilsa, takroriylik inobatga olinadi.