2017-yilda O‘zbekistonda umumiy qiymati 2,534 mlrd dollar bo‘lgan 168 ta loyihani yakuniga yetkazish rejalashtirilgan. Bu Prezident Shavkat Mirziyoyevning “2017-yilda O‘zbekiston Respublikasi investitsion dasturi to‘g‘risida"gi qarorida ko‘zda tutilgan.

Hujjatga muvofiq, joriy yilda umumiy qiymati 1,688 mlrd dollar bo‘lgan 83 ta yangi ishlab chiqarish korxonasi qurilishini yakunlash hamda qiymati qariyb 845 mln dollarlik 85 ta loyihani modernizatsiya qilish belgilangan. 2017 yilda tasdiqlangan loyihalarni yakunlash uchun 1,26 mlrd dollarlik mablag‘ni o‘zlashtirish rejalashtirilgan.

Jumladan, “O‘zbekiston temir yo‘llari” 1 mlrd dollardan ziyodroqni tashkil etuvchi 8 ta loyihani amalga oshiradi. Temir yo‘l kompaniyasi Buxoro-Miskin temir yo‘li qurilishining birinchi bosqichini yakunlash, Qarshi-Termiz uchastkasini elektrlashtirish, shuningdek Ispaniyadan ikki dona Talgo tezyurar poyezdini xarid qilishni rejalashtirmoqda.

“O‘zbekneftgaz” qiymati 281,5 mln dollarlik 11 ta loyihani amalga oshirishi lozim. Geologik razvedka ishlari uchun yuqori texnologiyali uskunalarni sotib olish kutilmoqda. “O‘zbekenergo” yil oxiriga qadar Buxoro, Jizzax va Samarqand viloyatlarida qiymati 207,4 mln dollarlik elektr energiyasining avtomatlashgan hisobini yuritish tizimini joriy etishi rejaga kiritilgan. “O‘zkimyosanoat” “Angren” erkin iqtisodiy zonasida avtomobil shinalarini ishlab chiqarish bo‘yicha zavodning umumiy qiymati 214 mln dollar bo‘lgan birinchi navbatini ishga tushiradi.

Avvalroq xabar qilinganidek, O‘zbekiston 2030-yil so‘ngiga qadar iqtisodiyotning strategik sohalarida 40 mlrd dollardan ziyodroq qiymatdagi 657 ta loyihani amalga oshiradi. Hukumat ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur loyihalarning amalga oshishi natijasida sanoat sektorining yalpi milliy mahsulot tuzilmasidagi ulushi 2030 yilga borib 2016 yildagi 32,9 foizdan 40 foizga ortadi.