Qozog‘istonning «SariarkaAvtoProm» kompaniyasi (Qostanay) mart oyi oxiridan boshlab GM Uzbekistan zavodi avtomobillarini yig‘ishga kirishadi.

Bu haqda Toshkentda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyaning 16-yig‘ilishida «SariarkaAvtoProm"ni o‘z tarkibiga olgan Allur Group direktorlar kengashi raisi Andrey Lavrentev ma’lum qildi.

«Barcha sinovlar o‘tkazildi, GM Korea tomonidan loyiha bo‘yicha litsenzion shartnomaning imzolanishini kutayapmiz, 22 martgacha ishlab chiqarishga tayyor bo‘lamiz», — dedi Andrey Lavrentev.

U 2016 yil oxirida «SariarkaAvtoProm» va GM Uzbekistan Qozog‘iston hududida Asaka zavodi avtomobillarini yirik uzelli yig‘ilishini tashkil etish to‘g‘risidagi shartnoma imzolanganini eslatib o‘tdi.

Birinchi bosqichda Qostanayda Ravon Nexia R3 sedanini yig‘ish bo‘yicha yiliga 7000 dona avtomobil quvvatiga ega ishlab chiqarish tashkil etiladi. Keyinchalik ikkinchi model — Spark avtomobili yig‘ilishi mumkin.

Andrey Lavrentev so‘zlariga ko‘ra, Qostanayda «SamAvto» (Samarqand) tomonidan ishlab chiqariluvchi Isuzu avtobuslarini yig‘ish hamda qishloq xo‘jaligi mashinasozligi sohasida kooperatsiya imkoniyatlari ko‘rib chiqilmoqda.