O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15-fevral kuni Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston — Rossiya hukumatlararo komissiyasining navbatdagi majlisida ishtirok etish uchun mamlakatga kelgan Rossiya Federatsiyasi Hukumati raisining o‘rinbosari Dmitriy Kozakni qabul qildi, deb xabar qildi O‘zA.

Davlat rahbari mehmonni qutlar ekan, “O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari ko‘plab yo‘nalishlarda, xususan, savdo-iqtisodiy sohada izchil rivojlanayotgani va mustahkamlanib borayotganini alohida ta’kidladi”, deyiladi xabarda.

Uchrashuvda iqtisodiyotning turli tarmoqlaridagi o‘zaro manfaatli hamkorlik yo‘nalishlarini yanada diversifikatsiya qilish masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning 2016-yil 6-sentyabr kuni Samarqandda bo‘lib o‘tgan uchrashuvi chog‘ida erishilgan kelishuvlar faol va samarali amalga oshirilayotgani qayd etildi.

Tomonlar ikki mamlakat kompaniyalari o‘rtasida uzoq muddatli amaliy aloqalarni o‘rnatish, shuningdek, yangi qo‘shma dastur va loyihalarni amalga oshirishda Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya muhim o‘rin tutayotganini qayd etdilar.

Dmitriy Kozak samimiy qabul uchun Prezidentga minnatdorlik bildirib, Rossiya O‘zbekiston bilan keng ko‘lamli savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.