O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2-fevral kuni 2017−2018-yillarda Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Davlat dasturini tasdiqladi. Hujjat matni Lex.uz saytida e’lon qilindi.

Hujjat bilan mamlakat bosh prokurori Ixtiyor Abdullayev boshchiligida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Respublika idoralararo komissiyasi tashkil etiladi. Mazkur komissiya qarorlarini bajarish barcha davlat hukumat va boshqaruv organlari, jamoat birlashmalari va boshqa tashkilotlar uchun majburiy hisoblanadi.

Komissiya tarkibidan Adliya vazirligi, IIV, DSQ, Davlat statistika qo‘mitasi, Davlat raqobat qo‘mitasi, Fanlar akademiyasi, Oliy va Xo‘jalik sudlari, Savdo-sanoat palatasi, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz, Qonunchilik palatasi va Senat qo‘mitalari, “Mahalla” va “Nuroniy” jamg‘armalari, “Kamolot” harakati, ombudsman va boshqa tuzilmalar rahbarlari o‘rin oldi.

Davlat dasturida jamiyatda huquqiy madaniyatni oshirish Milliy dasturini ishlab chiqish belgilangan bo‘lib, u orqali mamlakatda huquqiy ta’lim va ma’rifatni, jamiyatda huquqiy bilimlar tashviqotini tubdan yaxshilash ko‘zda tutilgan.

Yaqin vaqtlar ichida “Davlat xizmati to‘g‘risida”, “Davlat va xususiy sherikchilik to‘g‘risida”, “Davlat xaridlari to‘g‘risida”, “Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanish to‘g‘risida”, “Jamoat nazorati to‘g‘risida”, “Jabrlanuvchilar, guvohlar va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilarini himoya qilish to‘g‘risida” va “Ma'muriy tartib-taomillar to‘g‘risida"gi qonun loyihalarini ishlab chiqish rejalashtirilgan.

Byudjet mablag‘larini shakllantirish va sarflash jarayonining shaffofligini hamda ularning taqsimlanishi haqidagi ma’lumotlarning ommabopligini ta’minlash sohasida qo‘shimcha antikorrupsion chora-tadbirlarni amalga oshirish belgilangan.

Boshqa tadbirlarni o‘tkazish ham rejalashtirilgan.