O‘zbekiston Prezidenti juma kuni Sergeli tumanida bunyod etilayotgan zamonaviy ko‘p qavatli uy-joylar qurilishini ko‘zdan kechirdi, deb xabar qildi O‘zA.

Sergeli tumanida 2016−2017-yillar rejasiga asosan 4284 xonadondan iborat 102 zamonaviy ko‘p qavatli uy-joy qurish ishlari amalga oshirilmoqda. Mazkur yirik loyiha yosh va ehtiyojmand oilalarning turar joyga bo‘lgan talabini qondirish imkonini yaratadi. Uylar oilalarga imtiyozli ipoteka krediti orqali beriladi.

O‘zbekiston mustaqilligining 26 yilligi arafasida ushbu uy-joyning 66 tasini foydalanishga topshirish ko‘zda tutilgan. Bu yerda ta’lim muassasalari, kichik biznes va tadbirkorlik sub’ektlari, aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari ham barpo etiladi.

Mazkur uy-joylar taqsimotida adolat mezoniga qat’iy rioya etilishi kerak, dedi Prezident.

Aholining ehtiyoji, talabidan kelib chiqib, bunday uylarni Toshkent shahrining barcha tumanlarida 10 tadan qurish rejalashtirilgan.