O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2-fevraldagi farmoniga binoan Sherzod Shermatov axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.

Vazirlik axborot xizmatining xabar qilishicha, avvalgi vazir Xurshid Mirzohidov davlat rahbari tomonidan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisi etib tayinlandi.

Sherzod Shermatov (1977-yilda tavallud topgan) — Toshkent davlat texnika universiteti (1998-yil) va Yel universiteti (AQSH, 2000-yil) bitiruvchisi. 2016-yil noyabridan buyon axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan edi.

Avvalroq — 2014-yildan Toshkentdagi Inha universiteti rektori lavozimida faoliyat ko‘rsatgan. 2012−2014-yillarda esa Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsion texnologiyalar davlat qo‘mitasi (hozirgi — Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi) raisi o‘rinbosari edi.

Xurshid Mirzohidov. Yuriy Korsunsev / “Gazeta.uz”.

Xurshid Mirzohidov (1971-yilda tug‘ilgan) — Toshkent elektrotexnika aloqa instituti (1995 yil) va Prezident huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi Oliy biznes maktabi (2004) bitiruvchisi. AKT sohasida davlat boshqaruv organlarida 2012-yildan buyon rahbarlik qilib kelmoqda — keyinchalik Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasiga aylantirilgan O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligini, so‘ngra Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziriligini boshqargan.

2009−2010-yillarda Milliy teleradiokompaniya raisining birinchi o‘rinbosari bo‘lgan.

MTRKning avvalgi rahbari Alisher Xodjayev mazkur lavozimda 2005 yildan ishlagan.