O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1 fevral kuni Amerika-O‘zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemmni qabul qildi, deb xabar berdi O‘zA.

Davlat rahbari va palata raisi o‘rtasida kechgan muzokaralar jarayonida savdo-iqtisodiy, investitsion, texnologik, innovatsion va ta’limiy yo‘nalishlardagi uzoq muddatli va keng miqyosli hamkorlikni kengaytirish haqida so‘z bordi.

Agrosanoat majmuasi, elektrotexnika, farmatsevtika va boshqa sohalarda ilg‘or tajribalar, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar va Amerika tashkilotlari va kompaniyalari erishgan zamonaviy texnologik yutuqlarni jalb qilishga asoslangan istiqbolli loyihalar muhokama etildi.

Ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashga qaratilgan hamkorlikning yangi mexanizmlarini yaratish masalalari ko‘rib chiqildi.

O‘zbekistonda Amerika ishtirokidagi 164 ta korxona faoliyat olib bormoqda, AQSHdan O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritilgan investitsiyalar hajmi esa 1 mlrd dollardan oshdi. 2016 yilda o‘zaro mahsulot ayirboshlash hajmi 70 foizga ortib, 454 mln dollarni tashkil etdi.