30-yanvar O‘zbekistonda mamlakatning Birinchi Prezidenti Islom Karimov tavallud topgan kun sifatida nishonlanmoqda. Mustaqillik qo‘lga kiritilgan kundan boshlab chorak asr davomida mamlakatni boshqargan rahbar hayot bo‘lganida, bugun 79 yoshni qarshi olar edi.

Shu kuni mamlakatning barcha hududlarida Islom Karimov tavalludiga bag‘ishlangan tadbirlar tashkil etiladi. Ta’lim muassasalari, harbiy qismlar, mehnat jamoalari va mahallalarda ma’naviy-ma'rifiy kechalar, davra suhbatlari o‘tkaziladi.

30-yanvar kuni erta tongdan Samarqanddagi Hazrati Xizr" qabristonidagi Birinchi Prezident qabriga jamoatchilik vakillari, davlat organlari xodimlari va fuqarolar milliy yetakchini xotirlash uchun tashrif buyurishni boshladi.

Islom Karimov 1938-yilning 30-yanvar kuni Samarqandda tavallud topgan. O‘rta Osiyo politexnika instituti va Toshkent xalq xo‘jaligi institutini tamomlab, muhandis-mexanik va iqtisodchi mutaxassisliklarini qo‘lga kiritdi. 1991-yil 29-dekabrdagi birinchi umumxalq saylovida O‘zbekiston Prezidenti etib saylandi. Islom Karimov 2016-yil 2-sentyabr kuni Toshkentda vafot etdi va Samarqandga dafn etildi.

Hozirgi davlat rahbari Shavkat Mirziyovning Islom Karimov xotirasini abadiylashtirish to‘g‘risidagi qaroriga muvofiq, har yili 30-yanvar kuni keng nishonlanadi.