O‘zbekistonda yangi bank -“O‘zagroeksportbank” aksiyadorlik tijorat banki tashkil etiladi. Bu Prezidentning 24-yanvardagi qarorida ko‘rsatib o‘tilgan (hujjat matni Lex.uz saytiga joylashtirilgan). Bankning tashkil etilishidan maqsad — eksport qiluvchi tashkilotlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, meva-sabzavot mahsulotlarining eksport imkoniyatlarini samarali va barqaror rivojlantirishni ta’minlash, agrosanoat mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar va aholi uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratishdan iborat.

O‘zbekiston tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi (7,5 mln yevro, 75%), “O‘zbekinvest” kompaniyasi (1 mln yevro, 10%), “O‘zbekoziqovqatxolding”, “O‘zagrosug‘urta” va “Kafolat SK” (500 ming yevrodan yoki 5% dan) boshlang‘ich ustav kapitali 10 mln yevro bo‘lgan bankning muassislari hisoblanadi.

2020-yilga qadar “O‘zagroeksportbank” 15 foizdan kam bo‘lmagan ulush bilan strategik xorijiy investorlarni ustav kapitaliga jalb etishi lozim.

Yangi bank va uning filiallari ro‘yxatga olingan sanadan besh yil muddatga barcha turdagi soliqlar hamda davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalar to‘lashdan ozod qilinadi va bo‘shayotgan mablag‘lar bankning resurs va moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga maqsadli yo‘naltiriladi.