Toshkentning 49 yoshli fuqarosiga nisbatan jonivorlarga shafqatsizlik bilan muomalada bo‘lish to‘g‘risidagi ish yuzasidan ayblov e’lon qilindi. Sud ishi yakunlari to‘g‘risida «Mehr va Oqibat» Jonivorlarni himoya qilish jamiyati «Gazeta.uz"ga xabar qildi.

Yunusobod tumanining 4-mavzesida istiqomat qiluvchi fuqarolar bir qancha mushuklarning yo‘qolgani va keyinchalik mayib yoki o‘lgan holda topilganini payqab qoladi. Ayollar mushuklar yashaydigan joy yaqinida istiqomat qiluvchi erkak kishidan shubhalanadi.

O‘tgan yilning dekabr oyida ular aybdorni aniqlash va javobgarlikka tortishni iltimos qilib «Mehr va Oqibat» jonivorlar himoyachilariga murojaat etishadi. Jamiyat vakillari militsiyaga ariza bilan murojaat qilib, da’vogarlarga sud jarayonida huquqiy ko‘mak ko‘rsatadi.

Jinoiy ishlar bo‘yicha Yunusobod tuman sudi javobgar haqiqatdan ham azob bergani, bu holat to‘rtta mushukning nobud, bittasining mayib bo‘lishiga olib kelganini aniqladi. Tergov ishlaridan so‘ng O‘zbekiston ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksi 111-moddasiga binoan ayblov hukmi chiqarildi. Aybdor eng kam oylik ish haqining 3 baravari — 449,3 ming so‘m miqdorida jarimaga tortildi.