3-fevral kuni Jahon boks seriyasi (WSB) VII mavsumi start oladi. Shu kuni Uzbek Tigers jamoasi Xitoyning China Dragons klubiga qarshi jang olib boradi. O‘zbekistondan jami bo‘lib 30 bokschi — har bir vazn toifasidan uch nafardan sportchi ariza topshirgan.

To‘lqin Qilichev rahbarligi ostidagi “O‘zbek yo‘lbarslari” asosiy tarkibidan 10 ta vazn toifasida 10 bokschi, yana 20 nafari zaxira tarkibidan o‘rin olgan. Jumladan, Olimpiya o‘yinlari oltin medali sohibi Shahobiddin Zoirov 52 kg gacha emas, balki 56 kg vazn toifasida jangga kirishadi. Yangi divizionda Olimpiada bronza medali sohibi Murodjon Ahmadaliyev (56 dan 60 kg ga), 2015-yilgi jahon chempionati bronza medali sovrindori Elnur Abduraimov (60 dan 64 kg), 2016-yilgi Olimpiada vitse chempioni Bektemir Meliqo‘ziyev (75 dan 81 kg gacha) ham qatnashadi.

Olimpiada “oltin"i va “kumush"i sohibi bo‘lgan Hasanboy Do‘smatov (49 kg gacha) va Shahram G‘iyosov (69 kg gacha) o‘z vazn toifalarida ringga ko‘tariladi.

Ayni paytda xalqaro musobaqaga tayyorgarlik doirasida boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasining birinchi, ikkinchi va uchinchi tarkibi Toshkent viloyatidagi “Yangiobod” bazasida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazmoqda. Bu yerda mashg‘ulotlarning birinchi bosqichi 19-yanvarga qadar davom etadi.