Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining 29-dekabrdagi qarori bilan poytaxtdagi yangi ko‘chalarga nom berilib, mavjudlarining bir qanchasi qayta nomlandi.

Shahar hokimiyati ma’lumotiga ko‘ra, Shayxontohur tumanidagi Nurafshon ko‘chasi yangi uchastkalari bilan endilikda Nurafshon Aylanma ko‘chasi, Mirzo Ulug‘bek tumanida yaqindagina ochilgan Mirzo Ulug‘bek shoh ko‘chasi va Parkent ko‘chasi o‘rtasidagi ko‘cha Taraqqiyot ko‘chasining davomiga aylandi.

Uchtepa va Shayxontohur tumanlaridagi Mannon Uyg‘ur ko‘chasi Ko‘kcha Darvoza, Ko‘kcha Darvozaning o‘zi esa Qoratosh ko‘chasining bir qismi bilan birgalikda Ko‘kcha Darvoza tor ko‘chasi bo‘ldi.

Yakkasaroy tumanida yo‘l o‘tkazuvchi orqali Muqimiy va Bobur ko‘chalarini bog‘lovchi yangi ko‘cha Muqimiy ko‘chasining davomi bo‘ldi.

Olmazor tumanida Taraqqiyot ko‘chasi nomi boshqa tumanda xuddi shunday nomli ko‘cha borligi munosabati bilan Dilsaroy ko‘chasiga o‘zgartirildi.

Yunusobod tumanida sobiq radiostansiya hududidagi eski ko‘cha Qanoat nomini oldi.