7-yanvar kuni Johorda (Malayziya) Johor International Boxing Championship 2017 (JIBC) professional boks kechasi bo‘lib o‘tdi. Unda o‘zbekistonlik ikki nafar professional bokschi — Qudratulla Abduqahhorov va Azizbek Abdug‘afurov ringga ko‘tarildi, deb xabar bermoqda Asian Boxing nashri.

JIBC`da Singapul, Birlashgan Arab Amirliklari, Indoneziya, Tailand, Filippin va O‘zbekiston vakillari ishtirok etdi.

Foto: thefightnation.com.

23 yoshli Qudratulla Abduqahhorov (9−0−0, 5 KO) 2015 yil oktyabrida o‘z debyutini boshlagan bo‘lib, to‘qqizinchi jangini olib bordi. Unga 28 yoshli filippinlik Romeo Jakosal (18−14−1, 10 KO) raqiblik qildi. O‘zbekiston bokschisi raqibiga hech qanday imkoniyat qoldirmadi va beshinchi raundda uni texnik nokautga uchratdi. Abduqahhorovning kelgusi jangi 10-fevral kuni bo‘lib o‘tadi. Unda Janubiy Afrika Respublikasining eng yaxshi bokschilaridan biri, Xalqaro boks tashkiloti talqini bo‘yicha jahon chempioni Tsiko Mulovxedzi (11−7−3, 6 KO) bilan bellashadi. 25-martda esa World Boxing Council kumush chempionlik tituli uchun Zimbabve vakili Charlz Manyuchi bilan jang qiladi.

Qudratulla Abduqahhorov BoxRec -professional bokschilar ro‘yxatini yuritish va yangilab borishga ixtisoslashgan nufuzli Britan nashri reytingiga ko‘ra, vazn toifasidan qat’i nazar O‘zbekistonning eng yaxshi professional bokschisi hisoblanadi. Andijonning Qo‘rg‘ontepasidan bo‘lgan bokschi World Boxing Federation, yoshlar o‘rtasidagi World Professional Boxing Federation va 66,7 kg gacha yarim o‘rta vaznda Osiyoning Asian Boxing Council talqinlari bo‘yicha ham chempionlik tituliga egalik qiladi.

Foto: thefightnation.com.

24 yoshli Azizbek Abdug‘afurov (4−0−0, 4 KO) o‘zining so‘nggi jangida 72,6 kg gacha o‘rta vaznda WBC talqini bo‘yicha Osiyo chempioni kamarini yutib oldi. U 34 yoshli indoneziyalik Aleksandra Bajavaga (41−3−4, 14 KO) qarshi ringga ko‘tarildi. Abdug‘afurov raqibini ikkinchi raunddayoq mag‘lub etdi. O‘zbek bokschisi 10-fevral kuni tailandlik bokschi Sirimongokol Singvangchey (91−2−0, 57 KO) bilan jang olib boradi.