Toshkentda yo‘lovchilarni metropolitenga jalb etish uchun shahar va shahar atrofi bo‘ylab qatnovchi yer usti jamoat transport yo‘nalishlari optimallashtirilmoqda. Mazkur choralar O‘zbekiston Prezidentining oktyabrdagi “Toshkent metropolitenini yanada rivojlantirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori ijrochi yuzasidan amalga oshirilmoqda. Bu haqdagi ma’lumot esa 3-yanvar kuni Moliya vazirligi saytida e’lon qilindi.

“Toshkent metropoliteni” korxonasi tashish rentabelligini oshirish uchun yer usti transport turlari yo‘nalishlarining metropoliten tarmoqlari bilan takrorlanishini bartaraf etish hamda metro stansiyalariga yo‘lovchilarni yetkazuvchi yer usti transportining alohida yo‘nalishlari uzunligi va harakat rejalarini o‘zgartirish vazifasi ham topshirilgan.

Bundan avvalroq poytaxt metropoliteni tarmog‘ini rivojlantirish, yo‘lovchilar oqimini oshirish hamda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hisobiga moliyaviy-xo‘jalik faoliyati samaradorligi va rentabelligini oshirish maqsadida “Toshkent metropoliteni” DUK “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tashkiliy tuzilmasiga o‘tkazilgani xabar qilingan edi.

Noyabrda davlat rahbari 2017−2019-yillarda metroning Yunusobod tarmog‘ining 2,7 mk lik ikkinchi bosqichini qurilishini tasdiqladi. Bir vaqtning o‘zida Chilonzor yo‘nalishining “Olmazor” bekatidan Sergeli tumaniga uzunligi 7,1 km bo‘lgan yangi yer usti tarmog‘i qurilishi ham boshlandi.