Chet ellik va mahalliy investorlar to‘qnash kelayotgan muammolar hamda ularni bartaraf etish yo‘llari 23 dekabr kuni Savdo-sanoat palatasi (SSP) binosida bo‘lib o‘tgan davra suhbatida muhokama qilindi.

Tadbirda Oliy Majlis Senati a’zolari, iqtisodiyot va adliya vazirliklari, Davlat soliq va Davlat bojxona qo‘mitalari, Markaziy bank va Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, SSP, mutasaddi idora va tashkilotlar, sug‘urta kompaniyalari va xorijiy investorlar ishtirokidagi kompaniyalar vakillari qatnashdi.

Juda ochiq ruhda kechgan muhokamalarga Senat raisi o‘rinbosari Sodiq Safoyev va SSP raisi Alisher Shayxov moderatorlik qildi.

Investorlarni qiynayotgan muammolar to‘g‘risida «Nestle O‘zbekiston» bosh direktori Sergey Tratsevskiy ikki holat bilan misol keltirdi.

«Namanganda sut va yog‘ ishlab chiqaradigan zavod ["Nestle O‘zbekiston"] bor. Rossiyada zavodlarimizga yog‘ kerak, ammo biz u yerga eksport qila olmaymiz, bunga o‘zbek tomonining veterinar ruxsat berish darajasidagi kelishuvga erisha olmayotgani sabab bo‘lmoqda», — dedi kompaniya rahbari.

Bundan tashqari, uning fikricha, O‘zbekistonda intellektual mulk muhofazasini kuchaytirish zarur. U «Nestle O‘zbekiston» savdo belgisiga tegishli huquqlarning boshqa ichimlik suvi ishlab chiqaruvchilari tomonidan buzilishi bo‘yicha sud ishini misol qilib keltirdi.

«Avvaliga bizning foydamizga qaror qabul qilingan edi. Biroq keyin Intellektual mulk agentligi boshqa kompaniya foydasiga qaror chiqardi. Biz barcha qonuniy usullar va huquqlardan foydalangan holda ishlaymiz va sudning so‘nggi instansiyasi biz tomonda bo‘ldi», — dedi Sergey Tratsevskiy.

SGS rahbari Isroil Ahmedxo‘jayev davlat organlarining faol ishlashga naqadar tayyor ekani to‘g‘risidagi savoln o‘rtaga tashladi: «Hozir sodir bo‘layotganlarning barchasi o‘rtacha darajadagi tayyorgarlikdan boshqa emas. Agarda biz barcha sektorlarda shunchalik miqdordagi [yangi] loyihalar, keng miqyosli va global tadbirlar haqida gapirar ekanmiz, buning uchun mexanizmlarni qayta ishlab chiqish kerak».

Misol sifatida u O‘zbekistonga kichik va o‘rta tadbirkor uchun yetkazib beriladigan uskunalarning muvofiqlik sertifikati masalasini keltirib o‘tdi: sertifikatlashtirish tizimi qanchalar soddalashtiriladi va mamlakatga investitsiya kiritilishi yoki kiritilmasligi to‘g‘risidagi qarorga bevosita ta’sir ko‘rsatadigan davlat organlari qanchalik darajada tayyor?

Isroil Ahmedxo‘jayevning so‘zlariga ko‘ra, Taxiatosh issiqlik elektr stansiyasi va Navoiy KMK modernizatsiyasida ishtirok etayotgan yirik investorlar pudratchilari o‘rnatiluvchi uskunalarning foydalanishga topshirilishiga qanchalik tez ijozat berilishidan tashvishga tushmoqda. «O‘zstandart» agentligi bugun boshqa talablarni qo‘ymoqda: agentlik mutaxassislarining sertifikatlash uchun chet elga chiqishi, ya’ni viza, mehmonxona va aviachiptalar ajratilganidan keyingina qaror qabul qilinadi. Bularning barchasi mahsulotning qo‘shimcha qiymatini shakllantiradi, qayd etdi so‘zga chiquvchi.

U proteksionizm siyosatini aniq shakllantirib olish va banklarga valyuta tushumi bo‘yicha mustaqil qaror qabul qilishga ijozat berishni taklif etdi.

ITE Uzbekistan ko‘rgazma kompaniyasi bosh direktori Nigora Hasanov mazkur kichik xorijiy korxonaning rivojlanishi uchun xodimlar shtatlari sonini 100 kishiga yetkazish zarurligini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, shundagina kompaniya ko‘proq ishni amalga oshirishi va hududlarda o‘z filiallarini ochishi mumkin.

Nigora Hasanova banklar faoliyatini tanqid qildi. «Ipak yo‘li» bankida bizga so‘m talab qilgan holda valyuta olishni rad qilishdi. Biz xorijiy kompaniyalar bilan uzoq muzokaralar olib boramiz, O‘zbekistonga taklif qilamiz, biroq bank bizdan valyuta olishni rad etadi. Qo‘shimchasiga mablag‘lar depozitda turmaydi, foizlar ketmaydi, biz ular bilan hech narsa qila olmaymiz. Yana bir muammo ham banklar bilan bog‘liq — bu so‘mdagi naqd pul, aniqrog‘i ularning yo‘qligi. Bizda bankomatlar yo‘q, plastik kartochkadagi mablag‘larni naqdlashtirish imkoniyati mavjud emas. Shu sababli ko‘plab xodimlarimiz kompaniyadan ketmoqda".

Kompaniya rahbari investorlardan xalqaro standartlarga javob beradigan yangi ekspomarkaz qurishni so‘rab murojaat qildi. «Xalqaro darajaga javob beradigan, xorij kompaniyalarni olib borishga uyalmaydigan garderoblari, hojatxonalari bo‘lgan yangi ekspomarkaz kerak. Bizda mavjud bo‘lganlari, bu — shunchaki monopoliya. Teatr kiyim ilgichlardan boshlanadi, ekspomarkaz esa — davlatning yuzi».

Aurora Consulting ta’sischisi U Bin nima uchun aksariyat Xitoy investorlarini O‘zbekiston haqida bilmasligini tushuntirib berdi.

Haqiqatni aytaman, iltimos, xafa bo‘lmaysizlar. O‘zbekiston bilan tanishganimdan so‘ng tushunib yetdimki, bu yer ulkan imkoniyatga ega buyuk davlat. Yangi Prezident Shavkat Mirziyoyev boshlab bergan islohotlar Xitoy investorlari uchun katta imkoniyatlarni ochadi. Biroq kamchiliklarni ham qayd etib o‘tmasam bo‘lmaydi. Xitoy — dunyodagi ikkinchi iqtisodiyot, biroq O‘zbekiston bozorida hamon uning ishtiroki oz. Mamlakatingiz katta, biroq Xitoyda davlatingiz haqida oddiy ma’lumotlarni bilish uchun ham O‘zbekiston haqida biror kitob topa olmaymiz

«Ko‘plab Xitoy investorlari O‘zbekiston haqida bilishmaydi, ayrimlarining fikricha Moskvadagidek — mafiya, bosqinchilar va sovuq. Bizning tadbirkorlar Afrikaga pul tikmoqda. U yer qanchalik uzoq bo‘lsa ham, ular shunchaki siz haqingizda bilishmaydi xolos», — ta’kidladi U Bin.

«Resurslar, ishchi kuchi, kommunal ta’minot — sizlarda barchasi Xitoyga qaraganda arzon. Nima uchun xitoylar bu haqda bilmaydi? Chunki siz tashviqot bilan shug‘ullanmaysiz. Siz buni bizning davlat organlari orqali amalga oshirishingiz mumkin. Bunday tadbirlarni sifatli darajada tashkillashtirish kerak, shunday holatlar bo‘lganki, tarjimonlar ma’lumotlarni investorlarga noto‘g‘ri yetkazishgan. Yana xorijiy investorlarga konsultatsiya beradigan organni aniqlab olish darkor — bizing odamlar kimga murojaat qilish, investitsiyalar haqida kim bilan gaplashish kerakligini bilmaydi. O‘zbekistondan Xitoyga mahsulotlar eksport qilish uchun katta imkoniyatlar bor. Oddiy misol — sizning vinongiz 3 dollar turadi, xuddi shu vino bizda 20 dollar. Biroq hech kim bu bilan shug‘ullanmaydi, qiladiganlar ham raqobatdan qo‘rqib, bu haqda gapirmaydi», — deb fikriga yakun yasadi xitoylik investor.

British American Tobacco Uzbekistan bosh direktorining hukumat bilan aloqalar bo‘yicha maslahatchisi davlat ulushi 5 foizdan kam bo‘lgan korxonalar uchun tovarlarni sotishdagi katta cheklovlarni bekor qilishni taklif qilib chiqdi. U valyuta konvertatsiyasi muammosini haqida ham gapirib o‘tib, mazkur yo‘nalishda boshlanishi rejalashtirilgan islohotlar munosabati bilan O‘zbekiston Markaziy banki bilan valyuta bozorini liberallashtirishning samarali mexanizmini ishlab chiqishda hamkorlik qilishga umid bildirishini ta’kidladi.

Uchrashuvda chet ellik bolalar uchun maktabning mavjud emasligi mavzusi ham ko‘tarilib, investorlar o‘z mablag‘lari evaziga ta’lim muassasalari qurish istagida ekaniga qaramasdan byurokratik to‘siqlar bunga yo‘l qo‘ymayotgani aytib o‘tildi.

Forum ishtirokchilari «kirish vizasi» mavzusiga ham to‘xtalib o‘tishdi: investorlar uchun ruxsat beruvchi stikerning amal qilish muddatini ikki yildan besh yilga uzaytirish, shuningdek, kompaniyalar xodimlari uchun vaqtinchalik propiska amal qilish muddatini ham uzaytirish taklif qilindi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha hukumat va biznes-muhit vakillari bunday forumlarni har oy o‘tkazish, o‘rtaga tashlangan har bir muammoni hal etish uchun ishchi guruh tuzgan holda tomonlarni qiynayotgan masalalarga yechim topishga kelishib oldi.