XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlarining oltin medal sohibi Hasanboy Do‘smatov Xalqaro havaskor bokschilar assotsiatsiyasi (AIBA) tomonidan “Yilning eng yaxshi bokschisi” sovrini bilan taqdirlandi, deb xabar qildi O‘zA.

Shveysariyaning Lozanna shahrida Xalqaro havaskor bokschilar assotsiatsiyasi Ijroiya qo‘mitasi yig‘ilishi va AIBAning 70 yilligi munosabati bilan bo‘lib o‘tgan tantanali marosimda Hasanboy Do‘smatovga 2016-yil yakunlariga ko‘ra, “Yilning eng yaxshi bokschisi” sovrini topshirildi.

Yaqinda Xalqaro havaskor bokschilar assotsiatsiyasi tomonidan yilning eng yaxshi bokschisini aniqlash maqsadida o‘tkazilgan so‘rovnomada Hasanboy Do‘smatov eng ko‘p ovoz to‘plab, kubalik Robeysi Ramires va qozog‘istonlik Doniyor Yeleusinovni katta farq bilan ortda qoldirgan edi.

Eslatib o‘tamiz, Rio-de-Janeyro shahrida o‘tkazilgan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlarida vazni 49 kilogrammgacha bo‘lgan charm qo‘lqop ustalari o‘rtasidagi bellashuvlarda Hasanboy Do‘smatov O‘zbekiston sport delegatsiyasi hisobiga dastlabki Olimpiada oltin medalini keltirgan edi. U o‘zbek bokschilari orasida birinchi bo‘lib, Olimpiadaning eng yaxshi bokschisi sifatida Vel Barker kubogi bilan taqdirlandi.