O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati 13-dekabrdagi sakkizinchi yalpi majlisida O‘zbekiston Prezidenti tomonidan qonunchilik tashabbusi tartibida Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritilgan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida"gi qonun tasdiqlandi.Bu haqda Senat axborot xizmati “Gazeta.uz"ga xabar qildi.

Yangi normativ-huquqiy hujjat korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi huquqiy munosabatlarni har tomonlama tartibga solishga, davlat organlari, tashkilotlar va fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan amalga oshirilayotgan korrupsiyaga qarshi chora-tadbirlar samaradorligini oshirishga, jamiyat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaning namoyon bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik, fuqarolarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish orqali jamiyatda korrupsiyaning barcha shakllariga nisbatan murosasiz munosabatni qaror toptirishga qaratilgan.

Qonunda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat siyosatining asosiy prinsiplari va yo‘nalishlari mustahkamlangan, vakolatli organlar tizimi keltirilmoqda, ushbu sohada fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolarning ishtirok etishi mexanizmlari belgilab berilmoqda hamda ochib berilmoqda, shuningdek, xalqaro hamkorlikning ahamiyati aks ettirilmoqda.

Korrupsiyaga qarshi kurashuvchi sub’ektlar faoliyatini muvofiqlashtirish va hamkorligini kuchaytirish maqsadida qonunda Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika va hududiy idoralararo komissiyalarni tashkil etish hamda uning tarkibiga jamoat birlashmalarining vakillarini, tadbirkorlarni va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining vakillarini kiritish nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, qonun xususiy mulkni g‘ayriqonuniy tajovuzlardan, tadbirkorlik sub’ektlarining faoliyatiga asossiz aralashuvlardan himoyalashga qaratilgan. Senatorlarning fikricha, qonunning qabul qilinishi ishchanlik faoliyatini va mamlakatning investitsion jozibadorligini oshirishga, shuningdek, fuqarolar huquqlarini va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini mustahkamlashga ko‘maklashadi.