Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi 12-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan majlisda Prezidentga Abdulla Nigmatovich Aripov nomzodini mamlakat bosh vaziri lavozimiga ko‘rib chiqish uchun taqdim etish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda partiya matbuot xizmati xabar qildi.

Majlisda Abdulla Aripovning mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning muvaffaqiyati uchun mas’uliyatni to‘la zimmasiga olishga qodir, tashabbuskor va talabchan, yangilikka intiluvchan, jonkuyar va vatanparvar, quyidan yuqorigacha bo‘lgan barcha bo‘g‘inlardagi ijro organlarini boshqarishda yetarli tajriba va salohiyatga ega bo‘lgan fidoyi inson ekani ta’kidlandi.

Konstitutsiyaga muvofiq, O‘zbekiston bosh vaziri nomzodi O‘zbekiston Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga saylovda eng ko‘p deputatlik o‘rinlarini olgan siyosiy partiya tomonidan O‘zbekiston Prezidentiga ko‘rib chiqish uchun taqdim etiladi.

Eslatib o‘tamiz, Abdulla Aripov (1961-yilda tug‘ilgan) Prezident v. b. Shavkat Mirziyoyevning sentyabrdagi qarori bilan Vazirlar Mahkamasida Yoshlar siyosati, madaniyat, axborot tizimlari va telekommunikatsiyalari masalalari kompleksi rahbari etib tayinlangan edi.

Ungacha 10 yildan ziyodroq muddat davomida — 2002-yil mayidan 2012-yil avgustiga qadar bosh vazir o‘rinbosari lavozimida faoliyat olib borgan. Bir vaqtning o‘zida 2005−2009-yillarda O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligini boshqargan.

Dushanbaga o‘tar kechasi Facebook ijtimoiy tarmog‘ida Abdulla Aripov sahifasi o‘z faoliyatini boshladi. Ayni paytda unda bosh vazirning bir qator fotosuratlari va uning tarjimai holi e’lon qilingan.