O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi 9-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan majlisda Shavkat Mirziyoyevni O‘zbekiston Prezidenti lavozimiga saylangan deb hisoblash to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Okrug saylov komissiyalaridan kelgan bayonnomalarga asosan 4 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan ovoz berish jarayonida saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan 20 million 461 ming 805 nafar saylovchidan 17 million 951 ming 667 nafari ishtirok etganini aniqladi. Bu ro‘yxatga kiritilgan saylovchilar umumiy sonining 87,73 foizini tashkil qiladi.

Saylov natijalariga ko‘ra, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan nomzod Shavkat Miromonovich Mirziyoyevni yoqlab 15 million 906 ming 724 nafar saylovchi yoki ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilar umumiy sonining 88,61 foizi ovoz berdi.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan nomzod Xatamjon Abduraxmonovich Ketmonovni yoqlab 669 ming 187 nafar saylovchi yoki 3,73 foizi, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan nomzod Narimon Majitovich Umarovni yoqlab 619 ming 972 nafar saylovchi yoki 3,46 foiz saylovchilar ovoz bergan bo‘lsa, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” Demokratik partiyasidan nomzod Sarvar Sadullayevich Otamuratovni yoqlab 421 ming 55 nafar saylovchi yoki ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilar umumiy sonining 2,35 foizi ovoz berdi.

MSK raisi Mirzo Ulug‘bek Abdusalomovning ta’kidlashicha, saylovda fuqarolar o‘zining yuksak siyosiy saviyasi va fuqarolik potsiziyasini hamda Vatanimiz taqdiriga daxldorlik tuyg‘usini namoyish etib, ovoz berishda faol ishtirok etdi. Fuqarolar ovoz berishda ishtirok etishi orqali mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlashini yana bir karra ifoda etdilar, ta’kidladi u.