Jahon saylov organlari assotsiatsiyasi (JSOA) kuzatuvchilar missiyasi O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan Prezident saylovida qonunbuzarliklar qayd etilmagani va milliy qonunchilikka muvofiq tarzda o‘tganini ma’lum qildi.

Dushanba kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan brifingda so‘zga chiqqan JSOA bosh kotibi Kim Yon Xi O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi saylov jarayonini samarali tashkil etganini ta’kidlab o‘tdi.

Toshkent va Buxorodagi saylov uchastkalariga tashrif buyurgan JSOA kuzatuvchilari «oilaviy ovoz berish» holatlariga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha amalga oshirilgan choralar, tashrif buyurgan saylovchilarni ro‘yxatga olish stollarining yetarli miqdorda ekani navbatlar hosil bo‘lishining oldinini olgani hamda saylov komissiyasi a’zolarining yaxshi tayyorgarlik ko‘rganini qayd etishdi.

O‘z so‘zini yakunlashda Kim Yon Xi har bir mamlakatning saylov tizimi tarixiy, siyosiy, iqtisodiy va madaniy omillar asosida shakllanib, o‘z yo‘lida rivojlanishini ta’kidlab o‘tdi.

«Kuzatuvchilarda boshqa mamlakatdagi saylovlarni monitoring qilish vaqtida oldindan shakllangan fikr va stereotiplar bo‘lmasligi lozim. Saylov jarayoni yoki amaliyotini tanqid qilishdan oldin kuzatuvchi qonuniy chegaralar, siyosiy vaziyat, saylov tizimining rivojlanish bosqichlari hamda siyosat sohasidagi ijtimoiy afzalliklarni aniq tushunib olishi zarur», — dedi JSOA rahbari.