Shanxay hamkorlik tashkiloti kuzatuvchilar missiyasi 4-dekabrdagi O‘zbekiston Prezidenti saylovi ochiq, erkin va demokratik ruhda o‘tganini tan oldi.

“Turkiston-press” NAA xabariga ko‘ra, bu haqda 5-dekabr kuni Toshkentda tashkillashtirilgan brifingda SHHT bosh kotibi Rashid Alimov ma’lum qilgan.

“Bizning missiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovining O‘zbekiston Respublikasi saylov qonunchiligi talablari hamda O‘zbekiston Respublikasi tomonidan qabul qilingan xalqaro majburiyatga muvofiq kelganini e’lon qiladi”, — dedi Rashid Alimov.

“Milliy qonunchilik me’yorlarining buzilishi, saylovning qonuniyligini shubha ostida qoldiradigan holatlar missiya tomonidan qayd etilmadi. Missiya saylovning ochiq, erkin va demokratik ruhda o‘tganini tan oladi”, — deya ta’kidladi u.

Missiya bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovi O‘zbekiston Respublikasida demokratik jarayonlarning kelgusida taraqqiy etishi uchun muhim qadam bo‘lganini qayd etdi.

Missiya rahbari O‘zbekiston xalqini bo‘lib o‘tgan Prezident saylovi bilan qutlab, saylovda g‘olib chiquvchi davlat rahbariga mamlakat mustaqilligi va suverenitetini mustahkamlash, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yo‘lida muvaffaqiyatlar, jamiyat hayotining barcha jabhalarida zafarlar yor bo‘lishini tiladi.

Rashid Alimov Markaziy saylov komissiyasi, TIV hamda O‘zbekistonning boshqa tashkilot va muassasalariga SHHT missiyasining erkin va ochiq faoliyat olib borishida yaratib berilgan sharoitlar uchun chuqur minnatdorchiligini bildirdi.