23-noyabr kuni O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan prezidentlikka nomzod Sarvar Otamuratov Jizzax viloyati saylovchilari bilan uchrashdi, deya xabar qildi partiya matbuot xizmati.

Sarvar Otamuratov saylovoldi dasturida “Barkamol avlod — millat tayanchi” shiori ostida istiqlolning yangi avlodini tarbiyalashni yanada kuchaytirish vazifasi belgilanganligini ta’kidladi.

Nomzod bugun Jizzax viloyatida faoliyat olib borayotgan Jizzax davlat pedagogika instituti, Jizzax politexnika instituti hamda O‘rta Osiyoda yagona Jizzax aviatsiya oliy harbiy bilim yurti yetuk mutaxassis kadrlar tayyorlashda muhim o‘rin tutishini aytdi. Shuningdek, 75 ta kasb-hunar kolleji, 4 ta akademik litsey, 543 ta umumiy ta’lim maktabi va 170 ta maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyat yuritayotganiga e’tibor qaratdi.

Sarvar Otamuratov tomonidan ilgari surilgan milliy iqtisodiyot rivoji yetuk mutaxassis-kadrlarga bog‘liq ekanligini anglagan holda, zamonaviy bilim va malakaga ega injener-texnik, moliya-iqtisod, korporativ boshqaruv menejmentlari, axborot texnologiyalari sohasida dasturchilarni tayyorlashni tubdan kuchaytirish va mazkur sohalarda iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash vazifasi muhim ahamiyat kasb etadi.

Saylovoldi dasturda tarixiy va madaniy meros ob’ektlarini saqlash va asrab-avaylashga qaratilgan vazifalar muhim o‘rin egallaydi. Jizzax viloyatida ham madaniy manzillar, tarixiy obida va maskanlar hamda muqaddas ziyoratgohlar talaygina. Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda viloyatda jami 372 ta madaniy meros ob’ekti ro‘yxatga olingan bo‘lib, shulardan 42 tasini tarixiy obida va muqaddas ziyoratgohlar, 267 tasini esa arxeologik manzilgohlar, 63 tasini monumental yodgorliklar tashkil etadi.