Shveysariyaning Casale SA kompaniyasi “Navoiyazot” korxonasida yiliga 500 ming tonna azot kislotasi ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha investitsion loyihani amalga oshirishga kirishdi.

Bu yerda zamonaviy energiya tejovchi texnologiyalar joriy etiladi. Ob’ekt ishga tushganidan so‘ng korxonada 50 yildan ziyodroq vaqt muqaddam foydalanishga topshirilgan, ma’naviy va jismoniy jihatdan eskirgan quvvatlar demontaj qilinadi. Muassasa vakillarining xabar qilishicha, bu azotli o‘g‘itlarni olish bo‘yicha ishlab chiqarish quvvatlarining majmuaviy butkul yangilanishiga turtki berib, qishloq xo‘jaligining rivojlanishiga ham xizmat qiladi.

Yil avvalida “Navoiyazot” bazasida polivinilxlorid (PVX), kaustik soda va metanol ishlab chiqarish bo‘yicha majmua qurilishi boshlanib, Xitoyning China SAMS Engineering va HQC Shanghai kompaniyalari bilan konsorsium tashkil etilgan edi. Majmua quvvati yiliga 100 ming tonna polivinilxlorid, 75 ming tonna kaustik soda va 300 ming tonna metanol ishlab chiqarishga teng.

Yaponiyaning Mitsubishi Heavy Industries va Mitsubishi Corporation korsorsiumi esa ammiak va karbamid ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha yirik investitsion loyihani amalga oshirmoqda. Yaponiyalik pudratchilar bilan imzolangan shartnomada bu yerda yiliga 660 ming tonna ammiak va 577,5 ming tonna karbamid ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan.

Ko‘rsatib o‘tilgan loyihalar O‘zbekiston tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi, xorijiy banklarning uzoq muddatli imtiyozli kreditlari hamda “Navoiyazot"ning o‘z mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi. Jadvalga ko‘ra, 2019-yilda ishlab chiqarishga kirishiladi. Yangi korxonalarda 1300 dan ziyod ishchi o‘rinlari tashkil etiladi.