Janubiy Koreyada siyosiy mojaro

Foto: president.go.kr.

Janubiy Koreyada Prezident Pak Kin Xe tevaragida siyosiy mojaro avj olmoqda. Janubiy Koreya rahbari 40 yildan ziyodroq vaqtda buyon dugona tutinib kelayotgan Soy Sun Shilga davlatning ichki ishlariga aralashishga izn berganlikda ayblanmoqda. Jumladan, Pak Kin Xe unga maxfiy va muhim ma’lumotlar, o‘zining bo‘lg‘usi nutqlari matnini taqdim etib, ularni tahrir qilishga izn bergani, bu esa mamlakat siyosati va iqtisodiyotiga bevosita ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi xabar qilinmoqda. Soy Sun Shil davlat xizmati va mamlakat sirlaridan foydalanishga hech qanday aloqasi bo‘lmasdan turib kadrlar tayinlanishi va prezident ma’muriyati ishlariga aralashgani aytilmoqda. O‘n minglab kishilar ko‘chalarga chiqib, prezident iste’fosini talab qilmoqda. Besh nafar amaldor iste’foga chiqish to‘g‘risida ariza bergan, avval bosh vazir lavozimida faoliyat ko‘rsatgan Kim Ben Chjun mazkur vazifasini qayta ado etishga kirishgan bo‘lsa, moliya xizmatlari bo‘yicha komissiya rahbari Im Jon Yun moliya vaziri etib tayinlandi. // The Guardian

Venesuelada xaridlarga to‘lash uchun pullarni tarozida tortish boshlandi

Foto: twitter.com/NedNL.

Venesuela sotuvchilari mahsulotlarni sotib olmoqchi va xizmatlardan foydalanmoqchi bo‘lgan xaridorlarning pullarini tarozida tortib olishni boshladi. Bunga bolivarning kuchli devalvatsiyasi va giperinflyatsiya sabab bo‘lgan. Mahalliy valyuta shu qadar qadrsizlandiki, xarid vaqtida ularni sanash juda qiyinlashib ketdi — undan ko‘ra tarozida tortib ko‘rgan ma’qul. Karakaslik sotuvchi Umberto Gonzalesning tan olishicha, endilikda pishloq o‘z vazniga teng bog‘lam puldan qimmatroq turadi. Hozircha hamma do‘konlar ham pul vaznini o‘lchab savdo qilishga o‘tgani yo‘q, biroq ular soni ko‘payib bormoqda. Mamlakatdagi vaziyatni aniq tahlil qilish qiyin. Chunki hukumat inflyatsiya haqida rasmiy ma’lumot e’lon qilishdan bosh tortmoqda. Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, inflyatsiya 200 foizdan 1500 foizgachani tashkil etmoqda. // Bloomberg

Olmaotada 10 kishining o‘limida aybdor deb topilgan shaxs o‘lim jazosiga mahkum etildi

Jinoiy ishlar bo‘yicha Olmaota tumanlararo ixtisoslashtirilgan sudi 10 kishining, jumladan 8 nafar huquq-tartibot organlari xodimining o‘limida ayblanayotgan Ruslan Kulekbayevga nisbatan o‘lim jazosini tayinladi. 18 iyul kuni qurollangan erkak huquq-tartibot organlari xodimlariga hujum uyushtirgan edi. Sudda Kulekbayev o‘z aybini tan olib, jinoyatidan afsusda emasligini ma’lum qilgan. Sud Kulekbayevga halok bo‘lganlarning yaqinlariga yetkazilgan ko‘p millionli ma’naviy zararni qoplash majburiyatini ham yukladi. Qozog‘iston Prezidenti 2003 yilda mamlakatda o‘lim jazosiga moratoriya tadbiq etish to‘g‘risidagi qarorni imzolagan edi. Qaror o‘lim jazosi to‘g‘risidagi barcha tayinlovlar ijrosini to‘xtatadi, ammo sudlarga olim jazosini tayinlash to‘g‘risidagi qaror qabul qilishga to‘sqinlik qilmaydi. // RIA Novosti

Kolizey yana bir zilzilaga dosh bera olmasligi mumkin

Foto: pinterest.com.

Rimning eng asosiy diqqatga sazovor maskanlaridan biri buzilib ketish xavfi ostida. Kolizeyga bir qancha yoriqlash tushgan bo‘lib, yaqindagina Italiya markazida kuzatilgani kabi yana bir zilzilaga dosh bera olmasligi mumkin, xabar qildi amfiteatr nazoratchisi Franchesko Prosperetti.

Mutaxassislarning qayd etishlaricha, Kolizeyni barpo etgan qadimgi rimliklar seysmik vaziyatdan yaxshi xabardor bo‘lishgan va arxitektura yodgorligini ehtimoliy zilzilalarga bardoshli qilib bunyod etishgan. Biroq yaqindagina kuzatilgan yer silkinishlari amfiteatrga jiddiy ziyon yetkazdi. Inshoot o‘zining 2000 yilligigacha turib bera olmasligi mumkin. Yakshanba kuni Italiyada 6,5 magnitudali zilzila qayd etildi. U 25 ming kishini boshpanasiz qoldirib, 100 shaharda vayronagarchiliklarni keltirib chiqardi. // The Telegraph

Buyuk Britaniya TIV rahbariga velosiped haydash taqiqlandi

Foto: remarkably.com.

Britaniya politsiyasi poytaxtning sobiq meri, TIV rahbari Boris Jonsonga London bo‘ylab velosiped haydashni taqiqlab qo‘ydi. Skotland-Yard siyosatchining mazkur odatini juda xavfli deb topdi. London maxsus xizmatlari Jonsonning terroristlar nishoni bo‘lib qolishidan xavfsiramoqda. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, bu velosipedchiga solayotgan yagona tahdid emas. Yo‘llarda velosipedchilar o‘limining yuqori darajada saqlanib qolayotgani Londonning o‘tkir muammolardan biri bo‘lib qolmoqda. // «Rossiyskaya gazeta»