20 oktyabr kuni Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) oktyabr oyi uchun milliy terma jamoalarning yangilangan reytingini e’lon qildi. O‘zbekiston o‘z pozitsiyasini bir qatorga yaxshilab, 617 ochko bilan dunyoning 209 jamoasi orasida 48-o‘rinni egalladi.

Mazkur ko‘rsatkich bilan Osiyo futbol konfederatsiyasi a’zolari orasida Eron (27-o‘rin), Avstraliya (40-o‘rin) va Janubiy Koreya (44-o‘rin)dan keyingi to‘rtinchi pog‘onani band etdi.

Bundan avvalroq Football Rankings sayti FIFA reytingining taxminiy bashoratini qilgan, unda O‘zbekiston 46-o‘rinni egallab, o‘z tarixidagi eng yaxshi natija sari ildam qadam tashlashga imkon tug‘ilgan edi.

Jahon yetakchiligini 1621 ochko bilan Argentina mustahkam egallab turibdi. Uning ortidan amaldagi jahon chempioni Germaniya (1465) va Braziliya (1410) bormoqda. Kuchli o‘nlikdan Belgiya, Kolumbiya, Chili, Fransiya, Portugaliya, Urugvay va Ispaniya ham joy olgan.

2018 yilgi jahon chempionati mezboni Rossiya esa 53-o‘rinni egallagan holda antirekord qayd etdi.