“O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi 18-oktyabrdan UzCard bank kartalar yordamida xalqaro reyslarga aviachiptalarni onlayn-bronlash va xarid qilish xizmatini yo‘lga qo‘ydi. Bu haqda tashuvchi matbot xizmati xabar qildi. Bunga qadar faqatgina mahalliy yo‘nalishlarga chiptalarni aviakompaniya sayti orqali sotib olish mumkin edi.

Chiptalarni parvozga eng kamida uch soat qolgunga qadar muddatgacha onlayn xarid qilish mumkin. Bron qilinib, to‘lov muvaffaqiyatli yakunlanganida, foydalanuvchining elektron pochtasi va mobil telefoni raqamiga elektron chiptaning safar haqida batafsil ma’lumotlar aks ettirilgan yo‘nalish nusxasi yuboriladi.

Aeroportda parvozni ro‘yxatdan o‘tkazishda aviachiptaning nusxasi va yo‘lovchi shaxsini tasdiqlovchi hujjat (pasport)ni taqdim etishi lozim.

Kelgusida Visa va Mastercard plastik kartalari yordamida chiptalarni onlayn sotishni joriy etish rejalashtirilgan.