Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi (O‘zLiDeP)ning bosh vazir Shavkat Mirziyoyev nomzodi Prezidentlikka rasman ilgari surilishi kutilayotgan VIII syezdi sanasi 14 dan 19-oktyabrga ko‘chirildi.

Partiya matbuot xizmatining xabar qilishicha, bunday qaror 11-oktyabr kuni O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi yig‘ilishida partiya Ustaviga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilishi rejalashtirilayotgani munosabati bilan qabul qilindi. Xabarda sentyabr-oktyabr oylarida o‘tkazilgan hududiy partiya tashkilotlari konferensiyalarida bildirilgan barcha takliflarni chuqur tahlil etish va umumlashtirish uchun qo‘shimcha vaqt talab etilishi aytib o‘tildi.

Yig‘ilishda partiyaning bosma organi bo‘lmish “XXI asr” ijtimoiy-siyosiy gazetasi faoliyatini yanada jonlantirish, tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga qaratilgan masalalarni kengroq yoritish borasidagi ishlarni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi masala atroflicha muhokama qilindi. Partiya gazetasida mavjud ruknlarni qayta ko‘rib chiqish, zamon talablariga mos kelmaydigan mavzularni yoritishdan voz kechish, bugungi kun tadbirkorini o‘ylantirayotgan dolzarb yo‘nalishlarga ustuvor ahamiyat qaratish zarurligi ta’kidlandi.