Senyatbr oyi oxirida O‘zbekiston bosh vazirining virtual qabulxonasi orqali Ichki ishlar vazirligiga 3500 dan ziyod murojaat kelib tushdi. Bu haqda O‘zAga IIV inson huquqlarini himoya qilish va yuridik ta’minlash boshqarmasi boshlig‘i Ilhom Turg‘unov ma’lum qildi.

«Murojaatlarning 40 foizi propiska, biopasport olish va fuqarolik masalalariga taalluqli. Murojaatlarning 80 foizdan ortig‘i Toshkent shahri hamda Andijon, Farg‘ona, Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo va Toshkent viloyatlariga to‘g‘ri keladi», — qayd etdi u.

Uning ta’kidlashicha, murojaatlarning ma’lum qismini ichki ishlar organlari xodimlarining noqonuniy xatti-harakatlari yuzasidan, fuqarolarga nisbatan sodir etilgan o‘g‘irlik, firibgarlik, shuningdek, tergov harakatlarini amalga oshirishda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, profilaktika inspektorlari faoliyati yo‘nalishida, ichki ishlar organlariga ishga kirish va qayta tiklash hamda shu kabi boshqa masalalar tashkil etmoqda.

Ilhom Turg‘unovning ta’kidlashicha, vazirlikda bosh vazirining virtual qabulxonasi orqali kelib tushayotgan murojaatlar bilan ishlovchi maxsus bo‘lim tashkil qilindi. Bo‘lim zaruriy texnik vositalar bilan to‘liq ta’minlandi va uning faoliyati alohida nazoratga olindi.

«Kelib tushayotgan murojaatlarning tez va sifatli bajarilishini ta’minlash maqsadida ular faqat vazirlikning markaziy apparati tomonidan ko‘rib chiqilishi yo‘lga qo‘yildi, — qo‘shimcha qildi boshqarma boshlig‘i. — IIVning barcha markaziy sohaviy xizmatlariga virtual qabulxona orqali kelib tushgan har qanday murojaat bo‘yicha shaxsan birinchi rahbarning mas’ulligi belgilandi. Sohaviy rahbarga ariza bo‘yicha to‘liq va sifatli ma’lumotlarni o‘z vaqtida taqdim etish, hisobini yuritish va tahlil qilish vazifalari yuklatilgan».

Ichki ishlar organlarida inson huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi bilan bog‘liq murojaatlar hamda Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)dan kelgan har bir ariza va shikoyat vazirlik rahbariyati tomonidan alohida nazoratga olingan.

«Biroq ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan, hanuzgacha murojaatlar bilan ishlashda xodimlarimiz tomonidan xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yish holatlari mavjud. Jumladan, ariza va shikoyatlarni to‘liq va sifatli ko‘rib chiqmaslik, arizachiga tekshiruv va ko‘rib chiqilgan holat yuzasidan asoslantirilgan javob xatlarini yubormaslik, ariza va shikoyatlarni ko‘rib chiqish muddatlariga amal qilmaslik kabi salbiy holatlar uchrab turibdi», — tan oldi u.

«O‘tkazilgan tekshiruvlar jarayonida aniqlangan har qanday salbiy holat bo‘yicha xizmat tekshiruvi o‘tkazilib, aybdor xodim va uning rahbarlariga tegishli choralar ko‘rilayotir. 2016 yilning 9 oyida murojaatlar bilan ishlash jarayonida yo‘l qo‘ygan xato va kamchiliklari uchun 200 nafardan ortiq ichki ishlar organlari xodimi turli intizomiy javobgarlikka tortildi», — xabar qildi O‘zA suhbatdoshi.