Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov xotirasiga hurmat bajo keltirish maqsadida 6- oktyabr kuni Samarqand shahriga tashrif buyurdi. O‘zA xabariga ko‘ra, Samarqand xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev kutib oldi.

Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev hamrohligida Islom Karimov qabrini ziyorat qildi.

Aleksandr Lukashenko va Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov qabriga gul qo‘ydilar va uning xotirasiga hurmat bajo keltirdilar.

Oliy martabali mehmon Samarqand shahridagi Forumlar majmuasiga tashrif buyurib, Islom Karimovning rafiqasi Tatyana Karimovaga chuqur hamdardlik izhor etdi.

Forumlar majmuasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev va Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov xotirasiga hurmat bajo keltirish maqsadida mamlakatga tashrif buyurgani uchun Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenkoga minnatdorlik bildirdi. Ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik munosabatlari bundan keyin ham izchil davom etishini, mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish zarurligini ta’kidladi.

Aleksandr Lukashenko O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov butun faoliyatini o‘z xalqi, Vatani ravnaqiga bag‘ishlagani, bugun O‘zbekiston iqtisodiyoti rivojlangan, tinch va barqaror davlatga aylanganini qayd etdi. Islom Karimov vafotidan keyingi sinovli kunlarda O‘zbekiston xalqi donoligini, yuksak madaniyatini va hamjihatligini yana bir bor namoyon etganini, shunday buyuk zaminga tashrif buyurganidan mamnunligini ta’kidladi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Belarus o‘rtasida turli sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga oid masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Shu bilan Belarus rahbarining O‘zbekistonga tashrifi nihoyasiga yetdi.