Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Muxammetkaliy Abulgaziyev boshchiligidagi Qirg‘iziston delegatsiyasining Andijon viloyatiga tashrifi yakunlari bo‘yicha ikki mamlakat chegaradosh viloyatlari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi. Bu haqda Qirg‘iziston hukumati apparati matbuot xizmati xabar qildi.

Hujjat O‘zbekistonning Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlari hamda Qirg‘izistonning O‘sh, Botken va Jalolobod viloyatlari rahbarlari tomonidan imzolandi.

Viloyatlar rahbarlari chegaradosh hududlar fuqarolarining dolzarb va zaruriy masalalarini muhokama qilish uchun doimiy — har oylik uchrashuvlarni o‘tkazishga kelishib oldi. O‘zbekiston delegatsiyasining javob tashrifini o‘tkazish ham rejalashtirilmoqda.

130 kishidan iborat Qirg‘iziston delegatsiyasi o‘zbek tomonining taklifiga binoan 1 oktyabr kuni Andijon viloyatida o‘zbek-qirg‘iz hamkorligini kengaytirish bo‘yicha tadbirlarda ishtirok etdi.

Chegaradagi «Do‘stlik» nazorat-o‘tkazish punktida mehmonlarni bosh vazir o‘rinbosari Adham Ikramov rahbarligidagi delegatsiya tantanali qarshi oldi.

Qirg‘iziston vakillari Andidon viloyatining Xo‘jaobod tumanidagi 10-maktab, Andijon davlat universiteti, Andijondagi «Do‘stlik uyi», temir yo‘l vokzalining yangi binosi va Asaka shahridagi avtomobil zavodiga tashrif buyurdi. Shuningdek, qirg‘iz millatiga mansub fuqarolar bilan ham uchrashuv o‘tkazildi.