O‘zbekistonda pul mablag‘lari va boshqa mol-mulklarni jalb qilish bo‘yicha noqonuniy faoliyat olib borganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilandi. Bu haqdagi modda Prezident v. b. Shavkat Mirziyoyev tomonidan 23 sentyabrda imzolangan qonun bilan Jinoyat kodeksiga kiritildi.

Kodeksning yangi 188−1-moddasiga ko‘ra, mulkiy manfaat berish bo‘yicha zimmaga majburiyat olish yo‘li bilan jismoniy va yuridik shaxslarning pul mablag‘larini va (yoki) boshqa mol-mulkini jalb etishga doir noqonuniy faoliyatni ilgari olingan majburiyatni jismoniy va yuridik shaxslarning yangi jalb etilgan pul mablag‘lari va (yoki) boshqa mol-mulki hisobidan bajarish, shuningdek, bunday faoliyatga rahbarlik qilish va shunday faoliyat ko‘rsatilishini ta’minlash, mazkur faoliyatda ishtirok etishga jalb etish maqsadida, jumladan, OAV va internet orqali reklama bilan shug‘ullanishga bag‘ishlangan.

Ko‘rsatib o‘tilgan faoliyat turlari eng kam ish haqining 100 dan 300 barobarigacha miqdoridagi jarima yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlariga jalb qilinishiga yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishiga sabab bo‘ladi.

Pul mablag‘lari yoki boshqa mol-mulklarni jalb qilish bo‘yicha noqonuniy faoliyat olib borish hamda bunday faoliyatga rahbarlik qilish va shunday faoliyat ko‘rsatilishini ta’minlash ko‘p miqdorda, takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan OAV yoki telekommunikatsiya tarmoqlari hamda internetdan foydalangan holda amalga oshirilgan bo‘lsa, EKIHning 300 dan 500 barobarigacha jarima yoki 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlariga jalb etish yoxud 5 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishiga sabab bo‘ladi.

Mazkur faoliyat juda ko‘p miqdorda, o‘ta xavfli retsidivist tomonidan, uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa, 7 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.