25 sentyabr kuni O‘zbekiston tashqi ishlar Vaziri Abdulaziz Kamilov Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-York shahridagi qarorgohida BMT bosh kotibi Pan Gi Mun bilan uchrashdi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va BMT hamkorligining istiqbolli yo‘nalishlari, Bosh Assambleyaning yubiley 70-sessiyasi kun tartibidagi masalalari hamda 2016−2030-yillar uchun Barqaror rivojlanish maqsadlari to‘g‘risidagi umumlashtirilgan ma’ruzaning taqdim etilgan loyihasiga O‘zbekiston tomonining takliflari muhokama qilindi, deb xabar qiladi TIV matbuot xizmati.

O‘zbekistonga, jumladan, Orolbo‘yiga bir necha bor tashrif buyurgan Pan Gi Mun Orol dengizi ekologik falokatining salbiy oqibatlarini kamaytirish bo‘yicha mamlakatimizning sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.