Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev oiladagi zo‘ravonlikka qarshi kurashga qaratilgan “Ayollar huquqlari va bolalar xavfsizligini ta’minlash to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi. Bu haqda “Zakon.kz” prezident matbuot xizmatiga tayanib xabar qildi.

Qonun ayollar huquqlari va bolalar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha davlat siyosatining huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy va tashkiliy asoslarini takomillashtirish maqsadida ishlab chiqilgan. Nashrning ta’kidlashicha, ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning har qanday shakli uchun javobgarlikni kuchaytiruvchi normalar joriy etilmoqda.

Xususan, qonunda qasddan badanga yengil shikast yetkazish va kaltaklash (ilgari buning uchun ma’muriy javobgarlik nazarda tutilgan) uchun jinoiy javobgarlik kiritilgan. Sog‘likka va tanaga yengil zarar yetkazganlik uchun jarima, jamoat ishlari va qamoq shaklidagi jazolar nazarda tutilgan. Sog‘likka yengil zarar yetkazish uchun 50 sutkagacha, kaltaklash uchun esa 25 sutkagacha qamoq joriy etilmoqda. Qozog‘iston ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Igor Lepexa ta’kidlashicha, aybdorlar tergov izolyatorida saqlanadi.

Bundan tashqari, qonunda bolalarga nisbatan jismoniy zo‘ravonlik va shafqatsiz munosabatda bo‘lish bilan bog‘liq ishlar bo‘yicha, shuningdek, kaltaklash hamda sog‘likka yengil zarar yetkazish to‘g‘risidagi moddalarda nazarda tutilgan harakatlar bir yil davomida takroran sodir etilgan hollarda tomonlarning yarashuvi imkoniyati istisno qilinadi.

Shuningdek, qonunda oiladagi zo‘ravonlik jabrlanuvchilariga maxsus ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishga mo‘ljallangan qo‘llab-quvvatlash markazlarini tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Shu bilan birga, qonun 16 yoshga to‘lmagan shaxslarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik uchun jinoiy javobgarlikni joriy qildi. Voyaga yetmaganlarga nisbatan bulling, kiberbulling kabilar uchun ilk bor ma’muriy jazo kiritildi.

Parlament quyi palatasi 28-fevralda qonunni qabul qilgandi, Senat esa 11-aprelda qonunni ma’qulladi.

Tengrinews.kz. nashrining aniqlik kiritishicha, 2023-yilda Qozog‘iston huquq-tartibot idoralariga oilaviy zo‘ravonlik yuzasidan 99 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan, 69 nafar ayol va 7 nafar bola uning oqibatida halok bo‘lgan.

Ma’lumot o‘rnida, Qozog‘istonda turmush o‘rtog‘i Saltanat Nukenovani o‘ldirishda ayblanayotgan sobiq milliy iqtisodiyot vaziri Kuandik Bishimbayev ustidan sud jarayoni davom etmoqda. Jarayon ommaviy tarzda o‘tkazilib, matbuotda keng yoritilmoqda. Bishimbayev umrbod qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yil 11-aprelda “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan va Jinoyat hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslar oiladagi zo‘ravonlikni nazarda tutuvchi moddalar bilan to‘ldirilgan.