Shavkat Mirziyoyev 19-aprel kuni “O‘zbekiston Respublikasida lotereyalar va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish va o‘tkazishni tartibga solishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Hujjat 2025-yil 1-yanvardan boshlab taqiqni bekor qiladi hamda internet tarmog‘ida tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlar va bukmekerlik faoliyatini tashkil etish bilan bog‘liq faoliyatni huquqiy tartibga solish tartibini joriy etadi.

O‘zbekistonda bukmekerlik faoliyatini qonuniylashtirish masalasi ko‘p yillardan buyon ko‘tarilib kelinmoqda. 2019-yil dekabrida prezident bukmekerlik faoliyatini qonuniylashtirish to‘g‘risidagi farmonni imzolagan bo‘lsa, 2022-yil aprelida bu qaror qayta ko‘rib chiqilgan. 2023-yil aprel oyida davlat rahbari bukmekerlik faoliyatining normativ-huquqiy bazasini ishlab chiqishga qaytish bo‘yicha topshiriq bergandi.

“Gazeta.uz” ushbu sohadagi faoliyatni tartibga solish va litsenziyalash bo‘yicha vakolatli davlat organi sifatida belgilangan Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA)dan izoh so‘radi.

“Taqiqlar amalda ishlamayapti”

ILMAning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda hayotning barcha jabhalarida raqamli texnologiyalar va elektron to‘lovlarning faol joriy etilishi, shu qatorda, tavakkalchilikka asoslangan onlayn o‘yinlarning keng tarqalishiga xizmat qilgan.

2007-yil 1-sentabrdan boshlab butun mamlakat bo‘ylab qimor va boshqa tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish va o‘tkazish taqiqlangan. “Ammo fuqarolarning o‘yinlarga bo‘lgan doimiy qiziqishini hisobga olsak, bu taqiqlar amalda ish bermayapti, aholi esa xorijiy va noqonuniy servislarning xizmatlaridan faol foydalanmoqda”, — deyiladi agentlik xabarida.

“Huquqiy tartibga solishning mavjud emasligi, jumladan, ishtirok etish va garovlar hajmini cheklash fuqarolarning xorijiy saytlardagi o‘yinlarda qatnashib, katta miqdordagi mablag‘larini yo‘qotishiga va davom etish uchun katta miqdorda qarz olishga yoki noqonuniy xatti-harakatlar uchun — o‘g‘rilik, talonchilik va hokazo tayyor bo‘lishiga olib keladi”, — deya xabar beradi ILMA.

Fuqarolarning qimor biznesiga doimiy qiziqishi fonida mavjud vaziyat aslida quyidagilarga olib keladi:

  • chet el valyutasining mamlakatdan chiqib ketishi, chunki fuqarolar xorijiy onlayn platformalarda o‘ynaydi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, fuqarolar tomonidan qimor o‘yinlarida ishtirok etish uchun yuborilgan mablag‘lar miqdori 350 milliondan 1 milliard AQSh dollarigacha;
  • qimor o‘yinlariga haddan tashqari qaram bo‘lgan fuqarolarning o‘yinlarda ishtirok etishiga yo‘l qo‘ymaslik mexanizmlarining yo‘qligi;
  • tavakkalchilikka asoslangan noqonuniy o‘yinlarda qatnashayotgan fuqarolar bilan bog‘liq firibgarlik xavfi.

Xorijiy (AQSh, Armaniston, Ozarbayjon, Belarus, Turkiya, Rossiya, Germaniya, Estoniya, Janubiy Koreya, Vengriya, Singapur, Gruziya va boshqa davlatlar) tajribasini o‘rgangan ekspertlar ushbu sohani davlat tomonidan tartibga solish choralarini ko‘rish maqsadga muvofiqligini ta’kidlamoqda. Bu noqonuniy qimor o‘yinlarining oldini olish va uning jamiyatga salbiy ta’sirini kamaytirish, qatnashchilarning huquqlarini himoya qilish va davlat budjetiga qo‘shimcha daromad manbalarini shakllantirish uchun zarur.

Yuqorida nomi ko‘rsatilgan mamlakatlarning aksariyatida tavakkalchilikka asoslangan onlayn o‘yinlarni tashkil etish bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi provayderlar faoliyatini litsenziyalash tizimlari joriy etilgan, ustav kapitaliga, shuningdek, qimor o‘yinlari tashkilotchilari rahbariyati va egalarining ishbilarmonlik obro‘siga qo‘yiladigan talablar belgilangan, o‘yinlarda ishtirok etish uchun cheklovlar o‘rnatilgan, deb xabar berdi ILMA.

Prezident farmoni “tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlar va lotereyalarni tashkil etishni tartibga solish sohasida ilg‘or xorijiy tajriba va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, mamlakatning investitsion jozibadorligi, turizm salohiyatini yanada oshirish, qo‘shimcha mablag‘lar jalb etish maqsadida” ishlab chiqilgan, deya qayd etdi agentlik.

Farmonda qanday chora-tadbirlar nazarda tutilgan?

1. Internet tarmog‘ida tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlar va bukmekerlik faoliyatini tashkil etish bo‘yicha faoliyat ko‘lamini qonuniylashtirish, shuningdek, lotereyalar tashkil etish bo‘yicha faoliyat samaradorligini oshirishning huquqiy asoslarini yaratish.

Farmonda 2025-yil 1-yanvardan taqiqni bekor qilish hamda internet tarmog‘ida tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlar va bukmekerlik faoliyatini tashkil etish bilan bog‘liq faoliyatni huquqiy tartibga solish tartibini joriy etish ko‘zda tutilgan.

Keltirilishicha, ushbu faoliyat turlari, shuningdek, lotereyalar tashkil etish faoliyati ILMA tomonidan berilgan litsenziyalar asosida amalga oshiriladi.

Hukumat internet tarmog‘ida o‘yinlar tashkil etish, bukmekerlik faoliyati va lotereyalar o‘tkazish bo‘yicha faoliyatni tashkil etish tartibini, shu jumladan, litsenziyalash talablari va shartlarini, shuningdek, Stavkalar va o‘yinchilar yagona davlat registrini yaratish va yuritish tartibini belgilashi kerak. Uning asosiy maqsadi kiritilgan mablag‘larni nazorat qilish va o‘yin tashkilotchilariga o‘yinlarda ishtirok etishi taqiqlangan shaxslar ro‘yxatini va boshqalarni xabar qilishdir.

2. Fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, qimor o‘yinlariga qaramlikning oldini olish va unga qarshi kurashish mexanizmlarini joriy etish.

Farmonda tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarda ishtirok etish uchun cheklovlar nazarda tutilgan. Xususan, litsenziyalar asosida tashkillashtirilgan lotereya, internet tarmog‘idagi o‘yinlar va bukmekerlik garovlarida faqat 18 yoshga to‘lgan O‘zbekiston rezidenti va norezidentlari qatnashishi mumkin.

Bundan tashqari, ILMA manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, davlat xizmatchilari, shuningdek, o‘yinlarga haddan tashqari qaram bo‘lgan fuqarolar va boshqa toifadagi fuqarolarga nisbatan o‘yinlarda ishtirok etishdan himoya qilish mexanizmlarini joriy etish uchun bukmekerlik garovlari, onlayn o‘yinlar va lotereyalarda ishtirok etishga qo‘shimcha cheklovlarni nazarda tutuvchi yechim ishlab chiqadi.

3. Davlat budjetiga qo‘shimcha daromad manbalarini shakllantirish, fuqarolarning noqonuniy qimor o‘yinlarida qatnashishi va valyuta mablag‘larining chetga chiqib ketishining oldini olish.

O‘yin tashkilotchilariga soliq solish bo‘yicha xorijiy tajribani o‘rganish, faoliyatning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda, ulardagi foyda miqdorini va uni hisoblashda suiiste’mol qilishning yuqori xavfini aniqlashda qiyinchiliklar mavjudligini ko‘rsatdi. Bundan tashqari, har xil turdagi o‘yinlar tashkilotchilari soliqqa tortish uchun turli ko‘rsatkichlarga ega, deb xabar beradi ILMA. Shu munosabat bilan umumiy belgilangan soliq tizimidan (QQS va daromad solig‘i) foydalanish maqsadga muvofiq emasdek tuyuldi.

Tarqatilgan ma’lumotlar reyestri texnologiyasidan foydalanish o‘yinchilar, garovlar va yutuqlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazalarining o‘zgarmasligini ta’minlaydi va shu bilan soliqqa tortiladigan daromadlarni yashirish faktlarining oldini olishga yordam beradi, deb hisoblaydi agentlik.

2025-yil 1-yanvardan boshlab lotereya, internet tarmog‘ida o‘yinlarni tashkil etish faoliyatini yoki bukmekerlik faoliyatini amalga oshirayotgan yuridik shaxslar shu faoliyatidan olingan jami daromadidan to‘langan yutuqlar va qaytarilgan stavkalar chegirilgan holda 4 foiz stavkasida aylanmadan olinadigan soliq to‘lovchilari hisoblanadi.

Natijada, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, soliqlar ko‘rinishidagi qo‘shimcha budjet daromadlari yiliga qariyb 6 million dollarni tashkil etadi.

Ushbu tartib 5 yil muddatga joriy etiladi, uning davomida o‘yin tashkilotchilari faoliyatining o‘ziga xos xususiyatlari o‘rganiladi, rentabellik, maqsadga muvofiqlik va samarali nazoratni amalga oshirish imkoniyatlarini hisobga olgan holda boshqa soliqqa tortish mexanizmlarini joriy etish imkoniyatlari ko‘rib chiqiladi.

Jismoniy shaxslarning internet tarmog‘ida belgilangan tartibda olingan litsenziyalar asosida tashkil etilgan o‘yinlarda, bukmekerlik faoliyatlarida garovlar va lotereyalar o‘yinlarida yutuqdan olgan daromadlari uchun ham xuddi shu muddatga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i to‘lashdan ozod qilish nazarda tutilgan.

“Ushbu chora fuqarolarning yutuqlarini yashirishlariga yo‘l qo‘ymaslik, qonuniy ravishda tashkil etilgan o‘yinlarda ishtirok etishga qiziqishning paydo bo‘lishi, ularning yashirish va xorijiy saytlarda ishtirok etishi va valyuta mablag‘larining chiqib ketishiga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan”, — deya ta’kidladi ILMA.

Xulosa

“Farmonning amalga oshirilishi internet tarmog‘ida tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlar, bukmekerlik faoliyati va lotereyalar tashkil etish bilan bog‘liq faoliyatni huquqiy tartibga solish uchun ishonchli asos yaratadi, qonuniy ravishda tashkil etilgan o‘yinlarda ishtirok etayotgan fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilishning samarali mexanizmlarini joriy etadi. Shuningdek, qimor o‘yinlariga qaramlikka qarshi kurash, davlat budjetiga turli ijtimoiy maqsadlarga yo‘naltirilishi mumkin bo‘lgan qo‘shimcha daromad manbalari bilan ta’minlaydi”, — deyiladi ILMA xulosasida.