Open Budget portalida “Tashabbusli budjet” jarayonining 2024-yil 1-mavsumidagi g‘olib loyihalari e’lon qilindi, deb xabar bermoqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati.

Xabarda aytilishicha, respublika bo‘ylab 2 254 ta mahalla bo‘yicha jami 2 770 ta loyiha g‘olib deb topilgan. Ularni moliyalashtirish uchun mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan 3,3 trln so‘m yo‘naltiriladi.

Ovoz berish jarayonlarida mamlakat bo‘ylab 11,7 million nafar fuqaro ishtirok etdi, deyiladi xabarda.

Vazirlik, shuningdek, Qiziltepa tumanida fuqarolar majburiy ovoz to‘plashga jalb etilganiga to‘xtaldi. “Majburiy ovoz to‘plangan loyihalarga aniqlik kiritilmoqda, o‘rganish natijalariga ko‘ra, mazkur tuman bo‘yicha g‘olib loyihalar qo‘shimcha ravishda e’lon qilinadi”, — deb yozdi IMV matbuot xizmati.

G‘olib loyihalar bilan ushbu havola orqali tanishish mumkin.

Eslatib o‘tamiz, “Ochiq budjet” portalida tashabbusli budjetlashtirish loyihalari bo‘yicha ovoz berish bosqichi 13-martdan 4-aprelgacha (orada 3 kun tanaffus bilan) davom etdi. Portal ma’lumotlariga ko‘ra, 9443 ta mahalla fuqarolar yig‘inidan 35 575 ta tashabbus kelib tushgan bo‘lib, shundan 28 919 tasi ma’qullangan.

Bundan tashqari, ushbu mavsumdan boshlab ovoz berish jarayoniga “Bir fuqaro, bir ovoz” tamoyili joriy etildi. Maqsad — ovoz yig‘ish uchun ommaviy ravishda SIM-karta xarid qilish bilan bog‘liq holatlarning oldini olish.

Avvalroq “Gazeta.uz” loyiha odamlarni umumiy tashabbuslar atrofida birlashtirish va fuqarolik faolligini rivojlantirishda qanday yordam berayotgani haqida yozgandi.