9-iyun kuni soat 15:00 atrofida Navoiy viloyati Nurota tumanida 3 ta avtomashina ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Bu haqda Sevimli telekanalining Zamon axboriy dasturida xabar berildi.

Qayd etilishicha, hodisa tumanga kiraverishdagi Dehibaland qishlog‘i hududidan o‘tgan Navbahor-Nurota yo‘lida sodir bo‘lgan. Onix haydovchisi o‘zi bilan bir yo‘nalishda ketayotgan Damas avtomashinasini quvib o‘tmoqchi bo‘lgan. Shu paytda qarama-qarshi tomondan kelayotgan Gentra bilan to‘qnashgan.

YTH oqibatida Onix avtomobilida bo‘lgan bir oilaning 5 nafar a’zosi va Gentra haydovchisi halok bo‘lgan. Qurbonlarning ikki nafari voqea joyida, 4 nafari esa shifoxonada vafot etgan.

“Xalq so‘zi”ning viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasidagi manbasiga ko‘ra, Onix`da 36 yoshli erkak, uning 58 yoshli onasi, turmush o‘rtog‘i, 2 yoshli o‘g‘li hamda 2 oylik qizi bo‘lgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.