Buxoro viloyati Shofirkon tumanida kichik yoshdagi farzandini 2 yildan buyon kaltaklab kelgan ayolga hukm o‘qildi, deya xabar bermoqda bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonovaning idorasi matbuot xizmati.

Yanvar oyida ombudsmanga S.N. 5 yoshli bolasini beshikka bog‘lagan holda kaltaklab, qiynab kelgani haqida ma’lumot va videodalillar kelib tushgandi. So‘ngra holat yuzasidan ayolga nisbatan Jinoyat kodeksining 110-moddasi 2-qismi, “a, v” bandlari (Voyaga yetmagan, ojiz ahvoldaligi ayon bo‘lgan shaxsni qiynash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Mart oyida ayolning harakatlarida Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan jinoyat alomatlari — qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish ham aniqlangan.

2-may kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Shofirkon tumani sudi hukmiga ko‘ra, S.N. Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi, “v” bandi bilan aybdor deb topildi va 3 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.

2018-yilda tug‘ilgan S.F.ga tuman “Inson” ijtimoiy markazi tomonidan dastlabki tarzda vasiy sifatida B.Z. (ayol) tayinlanib, bola uning qaramog‘iga topshirildi.

Hozirda vasiylik va homiylik organi tomonidan ayolni farzandiga nisbatan bo‘lgan onalik huquqidan mahrum qilish masalasi bilan bog‘liq tegishli choralar ko‘rilmoqda. Bolalar ombudsmani bolaning kelgusi taqdirini belgilash jarayonlari yuzasidan kuzatuvini davom ettirmoqda, deyiladi xabarda.