Tarmoqlarda Buxoro viloyatidan yo‘llar bo‘ylab, dalalarda va tunda yorug‘lik manbalari atrofidagi aholi punktlarida to‘planib qolgan chigirtkalar galasi uchayotgani aks etgan videolar tarqaldi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligining O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi “hasharotlarning ko‘payishiga qarshi kurashish uchun zarur choralar ko‘rilayotganini” ma’lum qildi. Jumladan, 9-iyun kuni kechqurun Buxoro viloyatining Romitan tumanidagi Gazli massivida chigirtka va tut parvonalariga qarshi kurashish xizmati mutaxassislari tomonidan kimyoviy tozalash ishlari olib borildi. “Zararli hasharotlarning tarqalish xavfi bartaraf etildi”, — deyiladi xabarda.

Keyinroq, 11-iyun kuni agentlik Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Navoiy, Buxoro va Samarqand viloyatlari hududlarida tungi kimyoviy ishlov berish tadbirlari tongga qadar olib borilib, saksovul bukur chigirtkasi bartaraf etilayotgani haqida xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, bu turdagi chigirtkalar saksovul bilan oziqlanadi, ekinlar va yaylovlarga xavf tug‘dirmaydi. Shunday qilib, kimyoviy kurash tadbirlari saksovul plantatsiyalarini himoya qilishga qaratilgan.

Alohida e’tibor transchegaraviy hududlarga qaratilib, qo‘shni davlatlardan zararli hasharot kirib kelishi va tarqalishining oldini olish maqsadida ma’lumotlar almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan, deyiladi xabarda.

Chigirtkaga qarshi kurash tadbirlarini zararli chigirtka 3−4 yoshida bo‘lganida o‘tkazish maqsadga muvofiq. Bu zararkunanda qanot chiqargunigacha bo‘lgan faza hisoblanadi. Sababi chigirtka qanot chiqarganidan so‘ng bir kunda kamida 50−60 kilometr masofani bosib o‘tishi va yo‘lida uchragan barcha yashillikni yeb bitirishi mumkin.

2023-yil sentabr oyida O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi chigirtkalarga qarshi kurashni yaxshilash bo‘yicha BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) loyihasi doirasida sakkizta maxsus jihozlangan Toyota Hilux avtomobilini olgandi.