10-iyun kuni Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanida joylashgan “Hisorak” suv omboridan suv sizib chiqdi, deb xabar bermoqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi.

Qayd etilishicha, to‘g‘onning chap tarafidan qo‘shimcha tunnel ochish maqsadida olib borilayotgan muhandislik-texnik tadbirlar vaqtida suv sizib chiqishi holati kuzatilgan.

Avariya oqibatini bartaraf etish maqsadida “O‘zbekgidroenergo” AJ boshqaruvi raisi rahbarligida viloyat hokimi, FVB, IIB boshliqlari va boshqa mutasaddi tashkilotlardan iborat tezkor shtab tuzilgan. FVVning qo‘shimcha qilishicha, maxsus texnikalar yordamida barcha zarur muhandislik tadbirlar olib borilmoqda.

Hodisa oqibatida tan jarohati olgan va halok bo‘lganlar yo‘q. Suv omboriga shikast yetmagan.

“Ortiqcha xavotirga o‘rin yo‘q. Vaziyat to‘liq nazoratga olingan”, — deyiladi xabarda.