BMT Xavfsizlik kengashi AQSh prezidenti Jo Bayden tomonidan ilgari surilgan G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish va garovga olinganlarni ozod qilish rejasiga rozilik bildirishga chorlovchi rezolyutsiya loyihasini qabul qildi. Bu haqda The Guardian xabar berdi.

Ovoz berish jarayonida qatnashgan davlatlarning 14 tasi hujjatni yoqladi, Rossiya ovoz berishdan tiyildi.

Oq uy ma’lumotlariga ko‘ra, reja uch bosqichdan iborat bo‘lib, birinchi bosqichda vaqtincha o‘t ochishni to‘xtatish, falastinlik asirlarni ozod qilish evaziga HAMAS tomonidan garovga olinganlarni ozod qilish va o‘lgan asirlarning jasadlarini topshirishni nazarda tutadi. Ikkinchi bosqich Isroil qo‘shinlarini G‘azo sektoridan to‘liq olib chiqib ketish, shuningdek, “harbiy harakatlarni doimiy to‘xtatish”ni o‘z ichiga oladi. Uchinchi bosqichda AQSh va xalqaro hamjamiyat ko‘magida mintaqani qayta tiklash bo‘yicha keng ko‘lamli rejani amalga oshirish nazarda tutilgan.

AQShning BMTdagi doimiy vakili Linda Tomas-Grinfild rezolyutsiya loyihasi qabul qilinganidan so‘ng o‘z nutqida Xavfsizlik kengashi qarorini olqishlab, “bugun biz tinchlik uchun ovoz berdik” deya ta’kidladi.

Hujjatda Isroil AQSh taklif qilgan rejaga rozi ekani ta’kidlangan. Unda, shuningdek, HAMASni ham ushbu taklifni qo‘llab-quvvatlashga chorlov mavjud.

BMT Xavfsizlik kengashi qaroridan ko‘p o‘tmay, HAMAS hujjat qabul qilinganini olqishlashini e’lon qildi. Biroq guruhning o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha rejaga amalga qilish niyati bor-yo‘qligi noma’lumligicha qolmoqda, deb yozdi The Guardian. Shuningdek, nashr rezolyutsiyada Isroil rejani qo‘llab-quvvatlashi haqida gap ketganiga qaramay, mamlakat bosh vazir Binyamin Netanyaxu bu borada tanqidiy fikrlar bildirganini eslatdi. Xususan, u HAMASning harbiy salohiyatini to‘liq yo‘q qilmasdan turib, uzoq muddatli o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha har qanday taklif befoyda ekanini aytgandi.