7-iyun kuni BMT Bosh assambleyasi Xitoy va O‘zbekiston tomonidan ishlab chiqilgan “Xalqaro sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqot kuni” rezolyutsiyasini bir ovozdan ma’qulladi, deb xabar bermoqda TIV matbuot xizmati.

Sivilizatsiyalar xilma-xilligi qadriyatini anglash, muloqot, o‘zaro hurmat va global birdamlikni rivojlantirish maqsadida 10-iyunni Xalqaro sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqot kuni deb e’lon qilish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Rezolyutsiyaga BMTga a’zo 80 dan ortiq davlatlar, jumladan, Markaziy Osiyoning barcha davlatlari, Armaniston, Ozarbayjon, Belarus, Bahrayn, Vengriya, Misr, Indoneziya, Eron, Qatar, Kuvayt, Saudiya Arabistoni, Malayziya, BAA, Pokiston, Rossiya va Turkiya tomonidan hammualliflik qilingan.

“Hujjat O‘zbekiston rahbariyatining BMT Bosh assambleyasining 78-sessiyasi (2023-yil) va SHHTning Samarqand sammitida (2022-yil) umumiy xavfsizlik va farovonlik yo‘lida hamjihatlik ruhini yuksaltirish zarurligi, konstruktiv hamkorlikka intilish, shuningdek, tinchlik va barqaror farovonlikka erishish uchun xalqaro hamjamiyatlarning sa’y-harakatlarini safarbar qilish to‘g‘risida bildirilgan qarashlarini konseptual tarzda aks ettiradi”, — deyiladi TIV xabarida.

Rezolyutsiyada barcha madaniyatlar va sivilizatsiyalarning insoniyat taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi yuqori baholanadi hamda dunyodagi diniy va madaniy xilma-xillikning ahamiyati e’tirof etiladi. Turli madaniyatlar va sivilizatsiyalar o‘rtasida bag‘rikenglik, hurmat, muloqot va hamkorlik rag‘batlantiriladi.